Jamiyat | 10:26 / 18.02.2019
6974
2 daqiqa o‘qiladi

Past Darg‘omda 17 kishi muddatidan oldin ozodlikka chiqarildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudi tomonidan ozodliqdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan 17 nafar mahkum muddatidan oldin ozod qilindi.

Jumladan, mahkum N.E jinoyat kodeksining 73-moddasi (Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish)ga asosan sud zalidan muddatidan oldin ozodlikka chiqdi.

Sud raisi Aziz Safarovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, qolgan 16 nafar mahbusning o‘talmay qolgan jazosi xuddi shu muddatga axloq tuzatish ishi jazosi bilan almashtirildi. Misol uchun mahkum D.B.ga Karmana tuman sudining 2017 yil 26 aprel kunidagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 168, 28, 211-moddalari tegishli bandlari bilan aybdor deb topilib, 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. Unga belgilangan jazoning o‘talmay qolgan 3 yil 7 oy 20 kunlik muddati axloq tuzatish ishi jazosi bilan almashtirildi.

Mahkumlar o‘z vaqtida firibgarlik, pora berish, o‘g‘rilik, talonchilik kabi jinoyatlar sodir etgan. Ular jazoni o‘tash vaqtida o‘zini yaxshi tutgani, mehnatga halol munosabatda bo‘lgani va qat'iy tuzalish yo‘liga o‘tgani sabab muddatidan avval ozodlikka chiqarilgan.

Ma'lumot uchun, JKning 73-moddasiga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatga qo‘l urganlar belgilangan jazoning uchdan bir qismini, og‘ir jinoyat qilganlar, xususan qasddan jinoyat sodir etganlar belgilangan jazoning kamida yarmini, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlar esa sud hukm qilgan jazoning uchdan ikki qismini o‘taganidan keyingina jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi mumkin.

Mavzuga oid