O‘zbekiston | 07:57 / 19.02.2019
29334
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligida yangi lavozim tayinlovlari ro‘y berdi

O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining buyrug‘i bilan Hududlar moliyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Murodbek Saparbayevich Davlatov tayinlandi.

Murodbek Davlatov
Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Murodbek Davlatov 1978 yilda Xorazm viloyati Hazorasp tumanida tug‘ilgan, ma'lumoti oliy. 1999 yilda Urganch davlat universitetini, 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini va 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini bank ishi va moliya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 

Hozirgacha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Agrosanoat majmua moliyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Agrosanoat majmuining qayta ishlash va boshqa tarmoqlari moliyasi va narxlarni tartibga solish bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Shuningdek, Sevastopol davlat universiteti budjetni rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Mohir Murodjonovich Yunusov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Mohir Yunusov
Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Mohir Yunusov 1981 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ma'lumoti oliy. 2001 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini bakalavr, 2002 yilda Germaniyaning Bremen universitetini magistr darajalarini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Mohir Yunusov O‘zbekiston va xorij banklarida faoliyat yuritgan, xususan O‘zbekistonning Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida yetakchi, bosh mutaxassis hamda Kaliningrad shahridagi «Sankt-Peterburg Yevropa banki» filialida yetakchi va katta mutaxassis lavozimlarida tajriba orttirgan. 

Hozirga qadar M.Yunusov Sevastopol davlat universiteti budjetni rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining buyrug‘i bilan Jamshid Ismoilovich Abruyev Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Jamshid Abruyev
Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Jamshid Abruyev 1979 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ma'lumoti oliy. 1999 yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini, 2004 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini moliya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

2017 – 2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari. 2018 – 2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

Mavzuga oid