Sport | 16:40 / 21.02.2019
32400
9 daqiqa o‘qiladi

VAR va Ronaldu ustidan g‘alaba. «Yuventus»ning rejalari puchga chiqdi

Foto: Gonzalo Arroyo Moreno/Getty Images

«Atletiko» bosh murabbiyi o‘z jamoasi bilan YeChLning chorak finali sari katta qadam tashladi.

«Atletiko» (Ispaniya) – «Yuventus» (Italiya) – 2:0 (0:0)
Gollar: Ximenes, 78 (1:0). Godin, 83 (2:0).
«Atletiko» (Madrid): Oblak, Xuanfran, Godin, Ximenes, Filipe Luis, Koke (Korrea, 67), Ernandes, Parti (Lemar, 61), Saul, Grizmann, Diyego Kosta (Morata, 58).
«Yuventus» (Turin): SHCHensny, De Shilo, Bonuchchi, Kellini, Sandru, Bentankur, Pyanich (Emre Jan, 72), Dibala (Bernardeski, 80), Matyuidi (Joau Kanselu, 84), Krishtianu Ronaldu, Mandjukich.
Ogohlantirishlar: Diyego Kosta, 8. Parti, 45+3. Sandru, 55. Grizmann, 89.
Hakam: Tsvayyer (Germaniya).
20 fevral. Madrid. «Vanda Metropolitano» stadioni.
Javob o‘yini - 12 mart, Turin.

Ronaldu «Atletiko»ga qarshi, Morata «Yuventus»ga qarshi. Nimchorak final uchun bu afisha Chempionlar ligasining keyingi 5 yillikdagi eng omadsiz jamoalari to‘qnashuvi ta'rifini ortda qoldirdi. Madridliklar ham, turinliklar ham oxirgi 5 yil ichida ikki martadan turnir finalida o‘ynashgan: «Atletiko» 2014 va 2016 yillarda «Real»ga, «Yuventus» esa 2015 va 2017 yillarda «Barselona» hamda «Real»ga finalda mag‘lub bo‘lgan. Diyego Simeone va Massimiliano Allegridan biri bu safar «quloqli kubok» uchun kurashni barvaqt yakunlashiga to‘g‘ri keladi.

Argentinalik mutaxassisda ishtiyoq kattaroq, uning jamoasi bu mavsumda YeChL finalini o‘z uyida - «Vanda Metropolitano»da qabul qiladi va nima qilib bo‘lsada finalga qadar yetib borishga chog‘langan. Italyanlar qo‘lidagi kuzir esa - Krishtianu. Keyingi besh yillik ichida YeChLda «Atletiko»ni 3 marta qaqshatgan (ikki bor finalda, bir safar yarimfinalda) bu portugaliyalik hujumchi o‘yin boshidayoq Oblakning hushyorligini sinovdan o‘tkazdi - uning jarima nuqtasidan yo‘llagan kuchli zarbasi darvoza to‘sini ostiga ketayotganida sloveniyalik darvozabon tomonidan qaytarib yuborildi. 

Oldinda hali javob o‘yini bor, ammo birinchi o‘yindagi voqealar rivoji shuni ko‘rsatdiki, Simeone keyingi bosqichga haqliroq.

Tribunalar «Yuventus»ning har hujumini hushtakbozlik bilan qarshiladi, to‘p Ronalduga kelganida esa hushtakbozliklar avjiga chiqdi. Odatda Krishtianu bundan rohatlanardi va mezbonlar darvozasiga gollar urishda davom etardi. U birinchi jarima zarbasini ijro etganidan keyin ustidan kulgan muxlislarga besh barmog‘ini ko‘rsatib, o‘zi qo‘lga kiritgan YeChL kuboklari sonini ifodaladi. Undan oldinroq esa Diyego Kostani o‘ziga qarshi fol ishlatishga majbur qilib, raqib javob o‘yini oldidan asosiy hujumchilaridan biridan ayrilishini ta'minladi.

Ko‘p o‘tmay Kosta yana bir bahsli vaziyat ishtirokchisiga aylandi. Ispaniyalik forvard hujum vaqtida De Shilo bilan kontaktdan keyin raqib jarima maydoni ichida yiqilib, penalti so‘radi.

Germaniyalik hakam Feliks Tsvayyer avvaliga Kostaga ishondi va 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, ammo videotakrordan keyin qarorini o‘zgartirib, hujumchi jarima maydoni tashqarisida yiqilgan deb topdi va jarima zarbasi belgiladi. Bu madridliklarning birinchi bo‘limdagi eng xavfli vaziyati edi. Simeone bo‘lim oxirida boshqa bir shogirdi Parteyga «Yuventus»ning boshqa bir hujumchisi Dibalani ishdan chiqarish topshirig‘ini berdi, Dibalaning oyog‘i sinmadi, lekin Parti ham Kosta kabi sariq kartochka ishladi.

 

Asosiy voqelar ikkinchi bo‘limda kechdi, Kosta o‘yinning antiqahramoniga aylandi. U turinliklar klubida 500-o‘yinini o‘tkazayotgan Bonuchchi ta'qibidan qochib ketdi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqdi, ammo aniq zarba yo‘llay olmadi. Grizmann darvoza to‘sinidan qaytgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘naltirishi mumkin edi, ammo Kellini uni uzoqlarga tepib yubordi.

Lekin bu hali eng qizig‘i emasdi. Simeone g‘alaba qozonish uchun Kostani maydondan oldi va uning o‘rniga «Yuventus»ning sobiq futbolchisi Alvaro Moratani tashladi. Qachondir uning «Yuventus» safida qadrdon jamoasi «Real»ga urgan goli turinliklarni YeChL finaliga olib chiqqandi. Endi unga turinliklarni yo‘ldan olish vazifasi qo‘yilgandi. U buni deyarli uddalagandi, ammo u maydonga tushiboq bosh bilan darvozani ishg‘ol qilganida, hakam videotakror orqali u zarba berish oldidan raqib himoyachisini biroz turtgan deb topib, golni bekor qildi.

Lekin bu vaziyat gol yaqinligini ko‘rsatib turardi. Madridliklarda odatdagidek, hujumchilar gol urmagach, markaziy himoyachilar bu ishni o‘rinlatishdi. Madridlik markaziy himoyachilar o‘zlariga xos tarzda ikki marta jarima zarbasidan ikkita gol urishdi.

Ximenes va Godin VAR’ga tupurishdi va argentinalik mutaxassisga g‘alaba keltirishdi. Simeone yana bir bor kuchli murabbiy ekanini ko‘rsatdi.

Javob o‘yini natijasi qanday bo‘lishidan qat'i nazar, avval ichki chempionatda, keyin YeChLda VAR’dan jabrlangan jamoa VAR’ni mag‘lub etdi va o‘zining eng katta sitamgari Ronalduga imkon qoldirmadi. Madridliklar himoyachilari uni «cho‘ntaklariga yashirib qo‘yishdi». U faqat Godin gol urgan vaqtda tomoshabin bo‘lishga yaradi xolos - to‘p uning belini silab o‘tib, darvozaga kirib ketdi. Bugun uning kuni emasdi.

«Yuventus»ning o‘yin uchun rejalari o‘xshamadi. Allegri shogirdlari birinchi bo‘limda Ronaldu tepgan jarima zarbasidan boshqa imkoniyatga ega bo‘lishmadi. Parti va Ximenesning qo‘polliklaridan zada bo‘lgan Dibala ham ehtiyotkor o‘ynashga majbur bo‘ldi va erkin harakatlana olmadi.

Madridliklarning yevrokuboklarda uy o‘yinlaridagi g‘alabali seriyasi 13 o‘yinga yetdi, madridliklar Simeone boshchiligida hech qachon italyanlarga yutqazmagan.

Aftidan, «Atletiko»ni YeChLda ko‘p marta ranjitib, uch bor YeChLdan mahrum etgan Ronaldu bu safar buni uddalay olmaydi. U va «Yuventus» kubok orzusini keyingi mavsumga qoldiradigan ko‘rinadi, turinliklar hali hech qachon pley-offda 0:2 hisobidan chiqib ketolmagan. Bu hisob har qanday klub uchun hukmning o‘zginasi. Javob o‘yinida madridliklar Kosta va Partisiz ham natijaga erisha olishi haqiqatga yaqin.

Mavzuga oid