Jahon | 19:48 / 27.02.2019
11803
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada 268 gramm vazn bilan tug‘ilgan bola yashab ketdi

Foto: KEIO UNIVERSITY HOSPITAL

Tokiodagi Keyo universiteti qoshidagi klinikada dunyoda eng kichik vazn bilan tug‘ilgan o‘g‘il bola shifokorlar parvarishidan keyin o‘zini tutib oldi.

Tug‘ilganida vazni bor-yo‘g‘i 268 grammni tashkil qilgan bola shifokorlar qaroviga boshqa ehtiyoj sezmagani sababli shifoxonadan chiqarildi.

Yarim yil davomida mitti bolakay deyarli 3 kg vazn to‘plagan va hozir mustaqil ravishda nafas oladi va ema oladi.

Ta'kidlanishicha, bola ona bachadonida deyarli o‘smagan, shu sababli shifokorlar homiladorlikning 24-haftasida uni kesarcha kesish yordamida chiqarib olishga qaror qilishgan.

Bola dunyoga kelganda ikki qo‘l kaftlaridek kelgan, uning hayotini esa maxsus qurilmalar qo‘llab-quvvatlab turgan.  

Bolakay eng kam vazn bilan tug‘ilib yashab keta olgan erkak jinsidagi chaqaloq sifatida qayd qilindi. Bu borada avvalgi rekordchi 274 gramm vazn bilan tug‘ilgan germaniyalik bola hisoblanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid