Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Medvedev Rossiya va AQShning Venesueladagi maqsadi hamda Ukraina haqida gapirdi
Bolgariyaning «Trud» gazetasiga bergan intervyusida Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev AQShning Venesueladagi vaziyatga ehtimoliy harbiy aralashuv haqidagi bayonotlaridan tashvishda ekanini bildirib, bu vaziyatda Rossiyaning maqsadi tinchlikka erishishligini ta'kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu respublikadagi inqiroz Rossiya va AQSh o‘rtasidagi global qarama-qarshilik masalasi emas. Rossiya bosh vazirining bildirishicha, ikki davlat o‘rtasidagi keskinliklarga qaramasdan, Moskva hamda Vashington o‘rtasidagi munosabatlarda «global muxolifat» uzoq vaqtdan beri mavjud emas.
«Sovuq urush ruhidagi bunday holatlar aldamchi. Ular faqat e'tiborni ushbu respublikada ro‘y berayotgan voqealar mohiyatidan olib qochishga yordam beradi», - deya ma'lum qildi Medvedev.
Rossiya hukumati rahbarining ta'kidlashicha, AQSh «Monro doktrinasi ruhida» yana xorijiy mamlakatlardagi o‘ziga yoqmagan hukumatlarni ag‘darib tashlashga harakat qilmoqda. U «barcha lotin amerikalik do‘stlar» bu haqda o‘ylab ko‘rishi kerakligini bildirdi.
«Rossiya xohlayotgan natija - Venesueladagi tinchlik. Bunga faqat xalqaro miqyosdagi har tomonlama hurmat bilan amalga oshiriladigan muloqot orqali erishish mumkin», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Medvedev.
Uning qayd etishicha, Venesueladagi «murosasiz» muxolifat «chet eldan kuchli ta'sir ostida» qolgan.
Shuningdek, Dmitriy Medvedevning aytishicha, 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlardan so‘ng, Moskva Ukraina yangi rahbariyati bilan muloqot o‘tkazishga tayyor. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi «halol bo‘lmagan» saylov kampaniyasi sababli kelajakda kim bilan muloqot o‘tkazilishini hozircha tushunmayapti.
Shu tariqa, Rossiya bosh vaziri Ukraina prezidentligiga nomzodlardan qaysidir biri saylansa, Moskva Kiyev bilan munosabatlarni yaxshilashga umid qilyaptimi, degan savolga javob qaytardi. Medvedevning javobiga ko‘ra, Rossiya, har qanday holda, qo‘shni ukrainaliklarning tanloviga hurmat bilan qaraydi.
«Ukrainada prezidentlik saylovi bo‘yicha qattiq, halol bo‘lmagan saylov kampaniyasi ketyapti. Buni kuzata turib, Rossiya Ukrainada kim bilan muloqot qilish mumkinligini hozircha tushunmayapti», - dedi Medvedev.
Shuningdek, uning qayd etishicha, agar manfaatdor bo‘lsa, Rossiya yangi rahbariyat bilan muloqotga ochiqdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin Rossiya va Belarus Ukrainadan kelib chiqqani haqida ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
10:00
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:25 / 09.06.2026
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
20:04 / 08.06.2026