19:10 / 04.03.2019
9705

Sakkiz oylik bolasi bilan tilanchilik qilgan namanganlik ayolga uy berildi

Toshkentda qo‘lida 8 oylik bolasi bilan tilanchilik qilib  yurgan boshpanasiz namanganlik Muyassar ismli ayolga Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magida uy olishga yordam berildi. Qo‘mita matbuot xizmati Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi. 

Asli Namangan viloyatidan bo‘lgan Muyassar Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan Xo‘ja Ahror Valiy jome masjidi yonida tilanchilik qilib yurgan vaqtda topilgan edi. Ayolga birinchi yordam ko‘rsatilib, uning holati o‘rganila boshlangan. 

Muyassarning taqdiridan xabar topgan O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbariyati qiz bilan bevosita muloqotda bo‘lib, uning muammolarini tingladi hamda unga amaliy yordam berish yuzasidan choralar ko‘rdi.

Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan sa'y-harakatlar natijasida ona va bola Namangan viloyatiga qaytarildi hamda shahar markazidan bir xonali uy bilan ta'minlandi, ayolning farzandiga esa bola puli ajratildi.

Muyassarning holati Xotin-qizlar qo‘mitasi nazoratida, unga kelgusida ishga joylashish hamda farzandini maktabgacha ta'lim muassasasiga joylashtirish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘riladi.

Mavzuga oid
Top