Sport | 09:15 / 06.03.2019
9915
2 daqiqa o‘qiladi

«Real» YeChLning Ramos qatnashmagan ketma-ket to‘rtinchi o‘yinida yutqazdi

Foto: REUTERS

«Real» Chempionlar ligasining 1/8 finali javob uchrashuvini Madridda «Ayaks»ga qarshi o‘tkazdi va 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.

«Qirollik klubi» YeChL doirasidagi avvalgi uy o‘yinida ham yutqazgandi. Jamoa dekabr oyida guruh bosqichining yakuniy turini o‘z «Santyago Bernabeu»da TsSKAga qarshi o‘tkazib, 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergan. Shu tariqa, «Real» Chempionlar ligasi tarixida ilk marotaba ketma-ket ikkita uy uchrashuvida mag‘lubiyatga uchradi.

Shu bilan birga, «qaymoqranglilar» bu mavsumga qadar yevrokuboklar doirasidagi uy o‘yinida biror marta yirik hisobda (uch va undan ko‘proq to‘plar farqi bilan) yutqazmagan edi.

Kechagi bahsda jamoa sardori Serxio Ramos diskvalifikatsiya sabab qatnasha olmadi. Natijada «Real»ning YeChLda Ramos ishtirok etmagan o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar seriyasi 4ta o‘yinga yetdi. O‘tgan mavsumda klub Ramosning yordamisiz «Yuventus»ga yutqazgan (1:3), bu mavsum esa TsSKAga ikki marta yengilib (0:1, 0:3), «Ayaks»dan mag‘lub bo‘ldi.

Mavzuga oid