Sport | 12:20 / 07.03.2019
26473
11 daqiqa o‘qiladi

Sulsher-taym! «PSJ» va Buffon uchun yana bir dahshatli oqshom

Foto: Etsuo Hara/Getty Images

«PSJ» Chempionlar ligasining 1/8 finalida «Manchester Yunayted»ga qarshi javob uchrashuvida yutqazdi (1:3). O‘yin taqdirini qo‘shimcha daqiqalardagi bahsli penalti hal qildi.

«PSJ» (Fransiya) - «Manchester Yunayted» (Angliya) - 1:3 (1:2)
Gollar: Lukaku, 2 (0:1). Bernat, 12 (1:1). Lukaku, 30 (1:2). Reshford, 90+4 - penaltidan (1:3).
«PSJ» (Fransiya): Buffon, Kerer (Mene, 70), Tiagu Silva, Kimpembe, Bernat, Dani Alves (Kavani, 90+5), Verratti, Markinyus, Draksler (Paredes, 70), Di Mariya, Mbappe.
«Manchester Yunayted» (Angliya): de Xea, Lindelyof, Smolling, Bayi (Dalot, 36), Shou, Yang (M.Grinvud, 87), Fred, Maktominey, Pereyra (Chong, 80), Lukaku, Reshford.
Ogohlantirishlar: Di Mariya, 34. Paredes, 75. Shou, 90+9.
Hakam: Skomina (Sloveniya).
6 mart. Parij. «Park de Prens» stadioni, 47,441.
Birinchi o‘yin: 2:0.

«Yunayted» uchun namuna
Manchesterdagi birinchi o‘yindan keyin Angliya nashrlari turli statistikalarni eslab qolishdi. «MYu» 2011 yil YeChL finalida o‘ynaganidan beri bu turnir pley-offlarida faqat bitta o‘yinda g‘alaba qozongan - hali Devid Moyyes bosh murabbiy bo‘lgan davrda «Olimpiakos» mag‘lub etilgan. Shundan buyon «Real», «Bavariya», «Sevilya» va «Olimpiakos» (birinchi o‘yinda) «qizil iblislar»ni YeChL pley-offlarida mag‘lub etgan.

«PSJ» ham birinchi o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsada, javob o‘yinida ham ustunlikdan foydalanishi talab etilardi. Lekin YeChLda keyingi vaqtlarda birinchi o‘yindagi natija hech narsani hal qilmasligi ko‘p kuzatilmoqda. Birinchi o‘yinda 4:0 hisobida g‘alaba qozongan jamoa keyingi o‘yinda 1:6 hisobida mag‘lub bo‘lganiga guvoh bo‘lganimizga ko‘p bo‘lmadi. O‘tgan mavsumda esa «Barselona» «Roma»ga qarshi birinchi o‘yindagi 4:1 hisobidagi ustunlikni safardagi 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan boy berdi. Keyin rimliklar yarimfinalda «Liverpul»ga qarshi birinchi o‘yindagi 2:5 hisobidagi mag‘lubiyatdan ham chiqib ketishlariga bir baxya qoldi - Rimdagi javob o‘yinida bitta gol yetishmagandi - 4:2. O‘tgan mavsumda chorakfinaldagi yana bir qarama-qarshilikda mo‘jiza yuz berishi mumkin edi, Turinda «Yuventus»ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan «Real» Madriddagi javob uchrashuvida oxirgi daqiqalargacha uchinchi golni o‘tkazmaslik uchun tirishgandi.

O‘sha o‘yinda Buffon o‘yin oxirida qizil kartochka olgan, mojaro kelib chiqqandi. U o‘sha o‘yinda oxirgi marta «Yuventus» libosida YeChL o‘yinini o‘tkazgandi. Ammo italiyalik darvozabon uchun Chempionlar ligasi yakunlanmadi - u endi «PSJ»ning yevrokuboklardagi asosiy darvozaboni. Chorshanba oqshomida Buffon eng asosiy shaxslardan biri edi. Ammo bu oqshom uning uchun qo‘rqinchli yakunlandi.

Parijni ta'qib qiluvchi o‘tmish sharpalari
Ole Gunnar Sulsher o‘yindan oldin «Yuventus»ning jasoratini ham, «Barselona»ning tarixiy g‘alabasini ham («PSJ» ustidan javob o‘yinidagi 6:1 hisobidagi g‘alaba) eslab o‘tdi. «PSJ»ning jarohatlari tez vaqt ichida bitmasligi aniq. Parijliklar qachondir Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishganida ham ular «Kamp Nou»dagi dahshatli oqshomni eslaridan chiqara olishmaydi. Endi bunday dahshatli oqshom ikkita bo‘ldi.

Fransuzlar klubi hisobni hisobga olgan holda o‘yinni ancha bosiqlik bilan, himoyada boshlamoqchi edi. Ammo Reshfordning bosimi ostida qolgan yosh himoyachi Kerer ortga to‘p uzatishda xatolikka yo‘l qo‘ydi va Tiagu Silvadan chaqqonroq harakat qilgan Lukaku to‘pga ega chiqib, hisobni ochdi.

Tomas Tuxel maydon chetida turib tirnoqlarini g‘ajiy boshladi, bu vaqtda hali o‘yinning 2-daqiqasi edi. U balki bu vaqtda ikki yil oldin Barselonada kechgan o‘yinni eslagandir. O‘shanda ham Suares o‘yinning uchinchi daqiqasidayoq hisobni ochgandi.

To‘g‘ri, o‘shanda birinchi bo‘lim davomida qo‘rqoqlarcha himoyada o‘ynashda davom etgan «PSJ» o‘sha xatodan xulosa chiqarib, darhol hisobni tenglashtirdi. Mbappe narigi qanotdagi Bernatni qulay vaziyatga chiqardi va hisob tenglashdi.

Ammo ikki yil oldin ham Kavani javob goli urganida yengil tin olishgandi.

«Telbavor» yakun
«MYu» Sulsher boshqaruvida jiddiy o‘zgarganiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Endi avtobus yo‘q, lekin ba'zida himoyalanishga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, asosiy futbolchilar jarohat olgan yoki diskvalifikatsiya qilingan bo‘lsa. Aleksis Sanches, Nemanya Matich, Xuan Mata, Jyessi Lingard, Ander Errera, Antoni Marsiyal, Fil Jons, Matteo Darmian va Antonio Valensiya jarohat tufayli Parijga kelishmadi, o‘tgan o‘yinda qizil kartochka olgan Pol Pogba esa o‘yinni tribunada Patris Evra hamrohligida alam bilan kuzatdi. Uning o‘rniga maydon markazida Maktominey, Andres Pereyra va Fred yugurishdi, Sulsher kadrlar muammosi tufayli transformer-sxemani qo‘llashga majbur bo‘ldi: o‘yinga 4-4-2 sxemasi tanlangandi, ammo «PSJ» hujumga o‘tganida yarimhimoyachilar, xususan Yang himoyachiga aylanardi. Maydonda «MYu»ning ashaddiy muxlislaridan boshqalar tanimaydigan 19 yoshli Chong va 17 yoshli Grinvud kabi futbolchilar o‘ynashdi.

Parijliklar esa kam hujum qilishmadi. Tanaffusga qadar Bernet dubl muallifiga aylanishi, Di Mariya esa sobiq jamoasiga yana bir gol urishi mumkin edi. 30-daqiqaga kelib to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha «MYu» 18 foizga 82 foiz nisbatida boy berayotgandi, bu vaqt ichida jamoa futbolchilari jami 49ta aniq pas berishgandi, xolos. Ammo mehmonlar o‘yinda g‘olib bo‘lishdi, birinchi golni Kerer taqdim etgan bo‘lsa, ikkinchi golni Buffon sovg‘a qildi. Shu kuni Parij buyuk darvozabonning navbatdagi buyuk xatosiga guvoh bo‘ldi - Parijda yomg‘ir yog‘ib turgan, o‘z-o‘zidan to‘p ho‘l edi. Ammo tajribali posbon Reshfordning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan to‘pini urib yubormasdan ushlab olishga harakat qildi, lekin qo‘lidan chiqarib yubordi va tezda yetib kelgan Lukaku afsonaviy darvozabonni jazolab, ikkinchi bor darvozani ishg‘ol qildi.

Ikkinchi bo‘limda «MYu» o‘jarroq o‘ynay boshladi, «PSJ» futbolchilari esa yana ko‘plab vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishdi, Mbappening yolg‘iz o‘zi hech narsa qilolmadi, tribunada zo‘rg‘a o‘tirgan Neymar istasa ham maydonga tusha olmasdi, u yana mavsumning muhim qismida jarohat olib, jamoasiga pand berdi.

Manchesterliklarga uchinchi golni esa Kimpembe va VAR birgalikda taqdim etishdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar davom etayotgan vaqtda «MYu»ning yozdagi omadsiz xaridlaridan biri deya baholangan Diyego Dalotning zarbasi jarima maydonidagi Kimpembega tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi, ammo mehmonlar to‘p himoyachining qo‘liga tekkanini iddao qila boshlashli, o‘yin hakami Damir Skomina videotakrorga murojaat qildi. Bu vaziyatda Kimpembe qo‘lini imkon qadar to‘pdan olib qochishga harakat qilganini ko‘rish mumkin, ammo texnika bunga ishonmaydi.

Bu safar Buffon hakamga hech qanday e'tiroz qilmadi, u darvozada jim turdi va hakam qarorini kutdi. Yakunda hakam millionlab yevrolar va odamlar taqdirini hal qilgan penaltini belgiladi, Buffon zarba yo‘nalishini topdi, ammo Reshfordning zarbasi kuchli edi. O‘z faoliyatida biror marta YeChLda g‘olib bo‘lolmagan Buffon yana orzuga yetolmadi, unda 3 final va birorta g‘alaba yo‘q.

Ichki chempionatdagi 10ta chempionlikni YeChLdagi bitta g‘oliblikka qurbon qilishga rozi bo‘lgan «PSJ» turnirdan yana erta chiqib ketdi.

«MYu» yana o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda mo‘jiza sodir etdi.

Futbol tarixiga kiradigan o‘yinlardan biri. Fantastik o‘yin. Sulsher-taym! Norvegiyalik murabbiy ustozi Aleks Fergyuson qayd etgan natijani takrorladi.

U ham buyuk, endi bunga shubha yo‘q.

Mavzuga oid