Jahon | 22:57 / 08.03.2019
15802
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada yangi banknota chiqarilgani haqidagi xabar eronliklarni ranjitdi

Shveytsariyaning Erondagi elchixonasining tvitterda ming shveysar franki qiymatida yangi banknota chiqarilgani haqidagi xabari eronlik foydalanuvchilarni ranjitdi. Ularning fikricha, ushbu xabar Erondagi og‘ir iqtisodiy vaziyatni esga solish hisoblanadi. 

Elchixona vakillari yangi kupyuraning muomalaga kiritilishini e'lon qilib, ushbu banknota 120 mln Eron rialiga tengligini aytib o‘tishgan. “Bunday bir banknotaga siz 33 kg xandon pista, metroda 13 ming marta yurishga chipta hamda Eron za'faronidan 2 kg sotib olishingiz mumkin”, deyilgan xabarda.

Ko‘pchilik eronliklar ikki davlat valutalarining bunday taqqoslanishini haqoratomuz deb topishgan, chunki Eron AQSh tomonidan kuchli iqtisodiy bosim ostida turibdi, bu esa mamlakat iqtisodiyotining zaiflashishiga olib kelgan.

“Joriy iqtisodiy vaziyatda biz og‘ir vaziyatimiz haqida eslatishlarini emas, balki hamdard bo‘lishlarini kutamiz”, deb yozgan foydalanuvchilardan biri. 

Shveytsariya elchixonasi xodimlari ushbu voqea yuzasidan o‘z uzrlarini keltirganlar va hech kimni haqorat qilishni istamaganliklari, shunchaki yangi kupyuraga nima sotib olish mumkinligini ko‘rsatmoqchi bo‘lishganini aytishgan. “Shunday taqqoslashni Shveytsariya bilan ham amalga oshirish mumkin. Aslida gap mahsulotlarnng narxi haqida borgan”, deyilgan elchixonada.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid