O‘zbekiston | 10:07 / 09.03.2019
26022
5 daqiqa o‘qiladi

Suyultirilgan gaz ta'minotidagi muammolar ma'lum qilindi

Foto: infoorel.ru

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”ga quyi palatadagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusi bilan “Aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida”gi masala kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan axborot berish hamda deputatlar savollariga atroflicha javob qaytarish uchun quyi palataga O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev taklif etildi.

Foto: parliament.gov.uz

Vazir o‘z axborotida ta'kidlaganidek, aholi va ijtimoiy soha obektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tartibi hamda aholi uchun belgilangan narxlar bo‘yicha iste'mol qiluvchi ijtimoiy soha obektlari ro‘yxati tasdiqlangan. Bu borada hozirgi kunga qadar qator ishlar amalga oshirilgan. Ayni paytda respublika bo‘yicha jami 3,3 millionta suyultirilgan gaz abonenti bo‘lib, gaz ta'minoti korxonalari tomonidan jami 3,4 million dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berilgan. Bundan tashqari, aholining shaxsiy 1,1 million dona gaz balloni bor. Ya'ni, abonentlar soniga nisbatan ta'minlanganlik darajasi 137 foizni tashkil etadi. Qolaversa, shu yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2,1 millionta ijtimoiy soha obektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

2019 yilda suyultirilgan gaz manbalari va taqsimoti balansiga ko‘ra, joriy yilda 806,1 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, shundan 474,7 tonnasi yoki o‘tgan yilga nisbatan 60,7 ming tonna ko‘prog‘i aholining maishiy ehtiyojlari uchun yetkazib berilishi belgilangan. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi qarorida suyultirilgan gaz asosan aholining o‘sib borayotgan maishiy ehtiyojlarini qoplash uchun yo‘naltirilishi belgilanganini inobatga olib, suyultirilgan gazni birjada sotish miqdori yildan yilga kamaytirilib borilmoqda.

Ayni yo‘nalishda Hukumat darajasida bir qator hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, hududlarda aholi ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz yetkazib berishda ko‘plab kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilmoqda.

Deputatlar vazirga bu boradagi masalalar, aholini qiynab kelayotgan aniq muammolar xususida savollar bilan murojaat etdilar. Ayniqsa, parlament vakillarining e'tiroziga sabab bo‘lgan masala – tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarni o‘z vaqtida suyultirilgan gaz bilan ta'minlash, gaz ballonlari standartlari va ularning to‘lovi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan izoh so‘raldi.

Ushbu masalaning parlamentda o‘tkaziladigan “Hukumat soati”da eshitilishi bejiz emas. Oliy Majlis quyi palatasi vakillarining saylovchilar bilan o‘tkazayotgan ochiq muloqotlari davomida kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar tahlili aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash borasida muammolar yuzaga kelayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, joriy yil yanvar va fevral oyining oxirgi haftasida saylov okruglarida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida deputatlar tomonidan ushbu masala o‘rganilganda, aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qancha kamchiliklar aniqlandi.

Masalan, aholi ko‘tarayotgan muammolarga ko‘ra, 20 kilogrammli maishiy gaz ballonlariga ko‘p hollarda me'yordagidan kam quyilayotgani iste'molchilarning jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Yoki gaz olish uchun kelgan aholi vakillarining bank plastik kartasi orqali to‘lovni amalga oshira olmasligi noqulaylik keltirib chiqarayotganiga doir faktlar ham bor.

Vazir deputatlar savollariga javob qaytarar ekan, bunday salbiy holatlar uchrab turganini, bu masalada vazirlik tomonidan jiddiy nazorat olib borilayotgani, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan choralar ko‘rilayotganini qayd etdi. O‘z navbatida, bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, nazorat qiluvchi va boshqa mutasaddilar mas'uliyatini yanada oshirish yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.

“Hukumat soati” doirasida berilgan savol-javoblardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan vazirlik faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

O‘z navbatida, “Hukumat soati” ko‘tarilgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan parlament quyi palatasiga qo‘shimcha ravishda ma'lumot taqdim etilishi ma'lum qilindi.

Yig‘ilish yakunida aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid