Jamiyat | 12:55 / 09.03.2019
31117
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston sharqida bo‘rilar ikki ayolni g‘ajib tashladi

Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida 83 yoshli ayol va uning 55 yoshli qizi bo‘rilar to‘dasining qurboniga aylandi. Fojia 7 mart kuni ertalab Shugnan tumanidagi Porshnev jamoatiga qarashli Mdenxor qishlog‘ida yuz berdi – deb xabar beradi tnews.uz.

Tojikiston Favqulodda vaziyatlar Qo‘mitasining matbuot kotibi Umeda Yusupovaning xabar qilishicha, ayollar ertalab uydan chiqqanlarida bo‘rilar to‘dasi hujumiga uchragan.

Porshnev jamoati vakillari mazkur faktni tasdiqlashgan. Ularning xabar qilishicha, bo‘rilar ayollarni tiriklay g‘ajib tashlagan.

Bu bo‘rilarning mahalliy aholiga birinchi hujumi emas. 2013 yilning fevralida Rushan tumanidagi Badjuv qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 81 yoshli Nabotbegim Xudodova vahshiy hayvonlar qurboniga aylangan edi. Olgan jarohati tufayli ayol hodisa joyida vafot etgandi.

O‘sha yilning yanvarida bo‘rilar to‘dasi Shugnan tumanidagi Sijd qishlog‘ida yashovchi 90 yoshli Ozoda Saidnurulloyevaga hujum qilgan edi. Hodisadan keyin ayol uzoq davolangan va shifoxonada reabilitatsiya qilingan edi.

Ekspertlarning so‘zlariga qaraganda, och qolgan bo‘rilar to‘dasi ovqat izlab qishloqqa tushishga majbur bo‘lmoqda va ko‘pincha odamlar ularning qurboniga aylanmoqda.

Tojikistonda bo‘rilarni ovlash rasman taqiqlangan, shuningdek tog‘li qishloqlarda yashovchi aholi vahshiylarga qarshi kurashda qurolga ega emas. Bir necha yil muqaddam ekologlar Afg‘onistondan Tojikistonga bo‘rilar migratsiyasini qayd qilishgan edi, shundan so‘ng yirtqichlarning chorva mollari va hatto mahalliy aholiga hujum qilishi borasida mahalliy aholi tomonidan shikoyatlar bildirildi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid