Jahon | 22:00 / 17.04.2026
4352
4 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada hayvonot bog‘idan qochgan bo‘ri 9 kundan keyin topildi

Uni ushlash jarayonini butun mamlakat kuzatdi. Uning qaytishi umidida hayvonot bog‘ida bo‘rilarning uvillashi va tomoshabinlar uchun e’lonlar efirga uzatildi, bo‘ri bularga bolaligidan o‘rganib qolgan edi.

Foto: Daejeon City

Janubiy Koreyaning Tejon shahridagi O-World hayvonot bog‘ida Nikku ismli bo‘ri to‘siq ostidan tunnel qazib, qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Uning qidiruvini deyarli butun mamlakat kuzatib bordi. Hayvonot bog‘ida esa bo‘rilarning uvillashi va tomoshabinlar uchun e’lonlar efirga uzatildi, Nikku bularga bolaligidan o‘rganib qolgan edi.

To‘qqiz kundan keyin qochoq nihoyat topildi.

Nikku - Koreya bo‘risi, Janubiy Koreyada yovvoyi tabiatda deyarli qolmagan deb hisoblanadi.

Tejondagi O-World hayvonot bog‘ining vazifalaridan biri Koreya bo‘rilari populyatsiyasini tiklashdir. Buning uchun 2008 yilda Tejonga Rossiyaning Saratov viloyatidan yettita bo‘ri keltirilgan. Nikku shu bo‘rilardan birining avlodi. U 2024 yil yanvar oyida hayvonot bog‘ida tug‘ilgan va 2026 yil 8 aprelga qadar yashagan. Shu kuni bo‘ri to‘siq ostidan tunnel qazib, qochib ketdi. Hayvonot bog‘i yopilib, Nikkuni qidirish boshlandi.

Hayvonlar himoyachilari bo‘ri yovvoyi tabiatda omon qolmasligidan yoki uni tutishga uringanida o‘ldirilishidan xavotirda edi: 2018 yilda xuddi shu bog‘dan 8 yoshli puma Poronga qochib ketgan va politsiya uni otib o‘ldirgan edi.

Qochoqni qidirish

Bo‘rini qidirishga 300 dan ortiq politsiyachi, o‘t o‘chiruvchi va harbiylar jalb qilindi. Mahalliy aholi ularga yordam berishga harakat qildi, ammo barcha sa’y-harakatlari ham samarali bo‘lmadi. Ko‘pincha daydi itlar qochib ketgan bo‘riga o‘xshatildi.

Qochganining ertasi kuni Nikku hayvonot bog‘i yaqinidagi termal kameralarda ko‘rindi. Ammo qidiruv guruhi dron kamerasidagi batareyani almashtirayotganda uning izi yana yo‘qoldi.

Vaziyat yanada murakkablashdi, chunki havo isishi tufayli bo‘rini teplovizorda faqat tunda ko‘rish mumkin edi. Nikkuni jalb qilish uchun O-World bog‘i bo‘ri uvillashi va tomoshabinlar uchun e’lonlarni ijro eta boshladi - bo‘ri ularni tinglab ulg‘aygan.

13 aprel kuni yangi dalil paydo bo‘ldi: ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil chiroqlari yorug‘ida yo‘lda yugurayotgan bo‘ri tasvirlangan video joylashtirildi. Lekin bu gal ham uni tutib bo‘lmadi.

Hatto Janubiy Koreya prezidenti Li Chjye Myon ham holatga izoh berdi. «Chin dildan umid qilamanki, qurbonlar bo‘lmaydi va Nikku eson-omon qaytib kelishini tilayman», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.

Tinchlantiruvchi drotik va hayvonot bog‘iga qaytish

Nihoyat, 16 aprel kuni kechqurun, avtomagistral yaqinida bo‘ri ko‘rilgani haqidagi xabarlardan so‘ng, qidiruv-qutqaruv guruhi qochoqni qo‘lga olish operatsiyasiga tayyorlana boshladi. Tunda ular uxlatuvchi trankvilizatorlarni tayyorladi. Yarim tunda drotik otildi va Nikku qo‘lga olindi.

Bo‘rini hayvonot bog‘iga olib borishdi, uni veterinarlar ko‘rikdan o‘tkazdi: tomir urishi va nafas olishi joyida ekan, ammo Nikku rentgen qilinganda, uning oshqozonida qarmoq ilgaki borligi aniqlandi.

Ehtiyot chorasi sifatida ilgak endoskopiya yordamida olib tashlandi va endi bo‘ri O-World hayvonot bog‘ida tiklanmoqda. To‘liq sog‘ayib ketgunga qadar u boshqa hayvonlardan alohida saqlanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid