O‘zbekiston | 19:12 / 11.03.2019
10756
4 daqiqa o‘qiladi

Hayvonlarga ozor bergani uchun javobgarlik qat'iy bo‘lishi kutilmoqda

Foto: Pinterest

Fuqaro Alan Ponomaryovning petitsiya murojaati «Mening fikrim» portalida 10 mingdan ortiq ovoz to‘plab, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yuborilgandi.

Quyi palataning yalpi majlisida ushbu masala deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi va bir guruh deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev ma'lum qilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash, yoxud voyaga yetmaganlarning huzurida sodir etganlik uchun ma'muriy javobgarlikni kuchaytirish (eng kam ish haqining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solish);

xuddi shunday huquqbuzarliklar ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud voyaga yetmagan shaxsni ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilishda ishtirok etishga jalb qilganlik uchun ma'muriy javobgarlikni kiritish (eng kam ish haqining 15 baravaridan 30 baravarigacha jarima solish yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoq jazosini tayinlash) taklif etilmoqda.

Sud statistikasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun huquqbuzarlik sodir etilishi holati oshib borishi kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudidan olingan axborotga ko‘ra, 2014-2017 yillarda va 2018 yilning 9 oyi davomi ma'muriy sudlar tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi bo‘yicha 399 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik haqidagi 277ta ish ko‘rib chiqilgan. Ulardan faqat 199ta ish bo‘yicha 281 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy choralar qo‘llanilgan.

Masalan, Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida bolalar tomonidan bo‘g‘oz itga sim tiqilib, ustidan benzin quyib, yoqib yuborilgan. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 18 yoshli qizlar tomonidan mushuk cho‘ktirib, o‘ldirilgan. Yunusobod tumanida erkak kishi 6 nafar voyaga yetmagan bolalar ko‘z o‘ngida kuchuk bolasini chavoqlagan.

«Afsuski, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish brigadasi vakillari tomonidan hayvonlarga nisbatan benihoya shafqatsizlik (sop, tayoqlar, armatura bilan urish) ko‘pincha bolalar va keksa fuqarolarning ko‘z o‘ngida sodir etilgan. Masalan, Navoiy shahrida hayvonlarni otish aholi ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan, Jizzax viloyatining Paxtakor shahrida esa hayvonlarni otish sutkaning kunduzgi vaqtida voyaga yetmagan shaxslar ko‘z o‘ngida amalga oshirilgan», — deya qayd etgan deputat. 

2018 yil davomida Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat veterinariya qo‘mitasi, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘yicha 5118ta reyd o‘tkazilib, 15680 bosh qarovsiz it yo‘q qilingani aytilgandi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Kusherbayevning ta'kidlashicha, hayvonlarni tutishda azob beruvchi, shafqatsiz va sadistlarcha usullardan, shu jumladan qo‘l-oyoqlarni uzib olish, turli qattiq predmetlar bilan kaltaklash hollari ham kuzatilmoqda.

Mavzuga oid