Sport | 22:30 / 11.03.2019
48086
3 daqiqa o‘qiladi

Zidan «Real»ga qaytdi

«Real» klubi Zinedin Zidanni bosh murabbiylikka tayinladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

Klub rahbariyati Santyago Solarini klub bosh murabbiyligidan iste'foga chiqardi va Zinedin Zidan bilan 2022 yil yoziga qadar mo‘ljallangan shartnomani imzoladi.

O‘z navbatida, Solari klub tizimida ishlashda davom etadi.

2001-2006 yillarda «Real» safida to‘p surgan fransuz futbolchilik faoliyatini yakunlagach, madridliklarning yoshlar jamoalarida ishlaydi. U 2016 yilning yanvarida birinchi marta madridliklar bosh murabbiyi etib tayinlangandi. O‘shanda u mavsum oxiriga qadar murabbiy vazifasini bajaruvchi bo‘lgandi. Mavsum yakunida jamoani YeChL g‘olibiga aylantirgach u bilan yangi shartnoma tuziladi va u keyingi ikki mavsumda ham «Real»ni boshqaradi. «Qirollik klubi» bilan keyingi ikki mavsumda ham Yevropaning eng nufuzli sovrinini qo‘lga kiritgan murabbiy 2018 yilning 31 mayida o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqqandi. 

O‘tgan yil yozida uning o‘rniga tayinlangan Xulen Lopetegi jamoada atigi 5 oy ishladi va o‘tgan yilning oktyabrida qoniqarsiz natijalar tufayli iste'foga chiqarildi. Uning iste'fosidan so‘ng Santyago Solari mavsum yakuniga qadar murabbiy sifatida tayinlangan edi, ammo bu murabbiy ham jamoa bilan jiddiy natijalarga erisha olmadi. Ayni vaqtda «Real» mavsumdagi barcha sovrinlar uchun kurashni tark etgan, avvaliga «Barselona» bu jamoani Ispaniya Kubogidan chiqarib yubordi, Ispaniya chempionatida ham kataloniyaliklar prinsipial raqibini 12 ochkoga ortda qoldirgan. O‘tgan haftada esa «Real» YeChLning nimchorak finalida «Ayaks»ga qarshi Madridda kechgan uchrashuvda 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi va amsterdamliklar ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid