O‘zbekiston | 12:10 / 12.03.2019
34277
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev BAAga tashrif buyuradi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev BAAga tashrif bilan boradi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning uchinchi yig‘ilishi vaqtida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BAAga rasmiy tashrifiga alohida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ishonchim komilki, tashrif tarixiy qadamga aylanadi. Biz BAA bilan har tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga alohida e'tibor qaratmoqdamiz. Davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmini oshirish hamda tarkibini diversifikatsiya qilish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud bo‘lsa-da, hozirgi kundagi savdo aylanmasi bunga mos kelmaydi», - dedi E.G‘aniyev.

«Men mehmondo‘stlik uchun juda minnatdorman. Biz O‘zbekiston prezidentining BAAga tashrifini intiqlik bilan kutyapmiz, u shu oyning 25 sanasida ro‘y beradi», - deya aytib o‘tgan BAA Iqtisodiyot vaziri, komissiyaning Amirliklar tomonidan hamraisi Sulton al-Mansuriy.

Yig‘ilish kun tartibiga binoan o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari, jumladan ikki tomonlama savdo hajmini oshirish bo‘yicha takliflar, qishloq xo‘jaligi, turizm, kichik va o‘rta biznes, moliya, fuqaro aviatsiyasi, sanoat va madaniyat sohalarida investitsion loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid