O‘zbekiston | 18:21 / 14.03.2019
11398
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori bilan xalqaro shartnoma tasdiqlandi

O‘zbekiston Prezidenti qarori bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha ashyoviy dalil hisoblangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari, o‘qotar qurol, uning asosiy qismlari, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini berish tartibi to‘g‘risidagi Bayonnoma tasdiqlandi. Mazkur Bayonnoma 2017 yil 11 oktabr kuni Sochi shahrida imzolangan.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi - yuqorida ko‘rsatilgan xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining mas'ul vakolatli organi etib;

jinoyat ishi yoki tergovga qadar tekshiruv materiallari ish yurituvida bo‘lgan yoxud sudga yuborilgunga qadar ish yurituvida mavjud bo‘lgan tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar - yuqorida ko‘rsatilgan xalqaro shartnomaga muvofiq ashyoviy dalillarni bevosita berish va qabul qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining mas'ul vakolatli organlari etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi to‘g‘risida va uni amalga oshirish uchun mas'ul vakolatli organlar haqida depozitariyga tegishli bildirishnoma yo‘llaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta'minlaydi.

Mavzuga oid