O‘zbekiston | 08:49 / 14.03.2019
8319
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mita tuzilmoqda

Foto: KUN.UZ

Davlat va jamiyat rivojiga, xalqning adolatga, ertangi istiqbolga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavflardan biri korrupsiyadir. Mamlakatda keyingi paytlarda korrupsiyaga qarshi keskin kurashish hamda uning oldini olish borasida aniq choralar ko‘rilayotganiga qaramay, ushbu illatni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashga, bunday salbiy holatlarga to‘liq barham berishga erishilganicha yo‘q, deb xabar bermoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Shuni e'tiborga olgan holda, prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribalar va Konstitutsiya talablari asosida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil qilishni taklif etgan edi. Ushbu qo‘mitalar barcha bo‘g‘indagi davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga vakillik organi sifatida munosib hissa qo‘shishi lozimligi qayd etilgan edi.

Davlat rahbarining mazkur topshirig‘idan kelib chiqib, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashkil etilmoqda.

Ushbu qo‘mitaga davlat organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki dasturlarni ishlab chiqib, hayotga tatbiq etish jarayoni ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda amaldagi qonun hujjatlarini ularda korrupsiyaga olib keluvchi normalarning mavjudligini aniqlash, tahlil qilish kabi qator vazifalar yuklatilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga yangi qo‘mitani tashkil etish masalasi ham kiritilgan.

Mavzuga oid