Jamiyat | 14:14 / 20.03.2019
21866
11 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda MIB xatlovidagi mulkdan noqonuniy foydalanilayotgani aniqlandi

Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazining e-auksion savdo maydonchasida №0054791-sonli lot bilan joylashtirilgan Samarqand shahridagi «Avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi» bilan yaqindan tanishish paytida manzilda suyultirilgan gaz bilan litsenziyasiz noqonuniy savdo faoliyati amalga oshirilayotganligini aniqlandi, deb yozadi samarqandlik bloger va jurnalist Mirzo Subhonov.

Foto: e-auksion.uz

Bloger so‘zining isboti sifatida 14 mart kuni ASGQ shoxobchasidan 5 litr suyultirilgan gaz sotib olganlik to‘g‘risidagi tovar chekini taqdim etgan. Berilgan savdo chekida to‘lov terminali Tayloq tuman Qo‘rg‘oncha qishlog‘i manzilida joylashgan «Sarvinoz Gaz Servis» MChJga tegishli ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Samarqand shahri Cho‘pon ota maskani 50-A uy manzilida joylashgan «IXDINAR» MChJga tegishli bo‘lgan avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi Samarqand shahar iqtisodiy sudining 11.06.2018y. №4-1401-1802/975 – sonli hal qiluv qaroriga asosan korxonaning davlat oldidagi qarzdorligini so‘ndirish maqsadida Samarqand shahar MIB tomonidan xatlanib, sotish uchun «E-IJRO» yagona elektron savdo maydonchasiga joylashtirilgan.

Ushbu mulkning boshlang‘ich bahosi 2,1 mlrd so‘m qiymatda belgilangan bo‘lsa-da, talabgor yo‘qligi tufayli savdodagi boshlang‘ich narxi 1,3 mlrd so‘mgacha kamaytirilgan.

Skrinshot: e-auksion.uz​​​​​

Blogerning gaz quyish shoxobchasidan noqonuniy foydalanilayotganligi yuzasidan Samarqand shahar MIBga murojaati ortidan undan foydalanishdan bas qilinib, yana qaytadan muhrlangan.

Kun.uz mazkur ASGQShni 15 mart kuni borib o‘rgandi. Shoxobcha yopiq, barcha uskunalar Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ijrochisi D.Sattorov tomonidan imzolanib, muhrlangan. Ammo muhrlangan qog‘ozlarda sana ko‘rsatilmagan.

Biz yirtib tashlangan eski muhr izlarini ham ko‘rdik.

Samarqand viloyat MIB mutasaddilarining Kun.uz’ga tushuntirishicha, Samarqand viloyat iqtisodiy sudining 17.04.2017 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi Qashqadaryo viloyat vakolatxonasi huzuridagi Hakamlik sudining 15.02.2017 yildagi qarzdor «IXDINAR» MChJdan undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJ foydasiga 1.942.094.875 so‘m qarz undirish to‘g‘risidagi, Samarqand viloyat xo‘jalik sudining 23.02.2017 yildagi qarzdor «IXDINAR» MChJdan undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJ foydasiga 502.407.710,64 so‘m asosiy qarz va 2.512.038 so‘m hakamlik yig‘imi undirish to‘g‘risidagi, Samarqand shahar iqtisodiy sudining 20.02.2018 yildagi qarzdor «IXDINAR» MChJdan undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJ foydasiga 15.391.017 so‘m penya undirish to‘g‘risidagi, Samarqand shahar iqtisodiy sudining 23.03.2018 yildagi qarzdor «Ixdinar» MChJdan undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJ foydasiga 1.136.108.569 so‘m qarz undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ijro ish yurituviga 18.05.2017 yilda kelib tushgan va shu kunning o‘zida ijro ishi yuritishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi tomonlarga yuborilgan.

Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorning «InvestFinansbank» ATB Samarqand viloyat filialidagi hisob raqamlarining chiqim qismiga band solingan.

Qarzdor «IXDINAR» MChJga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni qidirish maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rov xatlari yuborilgan.

Mutasaddi idoralarga yuborilgan so‘rov xatlari asosida olingan ma'lumotlarga ko‘ra, qarzdorga tegishli bo‘lgan Avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi, ZIL 130-ATsTV rusumli, davlat raqam belgisi 30 105 YeAA bo‘lgan gaz tashuvchi avtotransport vositasi, 19 turdan iborat nasos, zadvijkalar, qayta ulanish klapanlari, boshqaruvchi klapanlar, burchakli ventillar borligi aniqlangan va ijro ishlari yuzasidan amalga oshirilgan ijro harakatlari jarayonida xatlangan.

Xatlangan mol-mulklar «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilgan bo‘lib ushbu mol-mulklar xaridorlar tomonidan qiziqish bildirilmaganligi, sotilmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 56-moddasiga asosan mol-mulklarni boshlang‘ich sotuv bahosidan 10% kamaytirilgan summada o‘zida qoldirish uchun undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJga taklif xati berilgan.

Undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJ 24.09.2018 yildagi №A04/ShJ-6282-sonli javob xati bilan taklif qilingan mol-mulklarni o‘z balans hisobiga olishdan voz kechgan.

Undiruvchiga ijro hujjati ijro etilayotganda qarzdorning sotilmagan mol-mulkini o‘ziga olishdan voz kechganligi sababli ijro hujjatini undiruvchiga qaytarib, ijro ishi yurituvi tamomlangan.

Viloyat MIB boshlig‘i o‘rinbosari U.Butunovning Kun.uz muxbiriga tushuntirishicha, qarzdorning xatlangan mulki elektron auksion orqali savdoga chiqarilgach, u sotilmasa, undiruvchiga taklif etiladi. Agar u ham olishdan voz kechsa, ijro ishi yakunlanib, mulk yana egasiga qaytariladi.

Xullas, bir marta auksionga chiqarilib, egasiga qaytarilgach, «IXDINAR» MChJga tegishli bo‘lgan shoxobcha, avtomobil va yuqorida sanab o‘tilgan uskuna va jihozlar Samarqand shahar iqtisodiy sudining 11.06.2018 yildagi qarzdor «IXDINAR» MChJdan undiruvchi Samarqand shahar DSI foydasiga 49.440.769 so‘m soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatiga asosan ro‘yxatga olingan va MChJga tegishli bo‘lgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi davlat ijrochisining 19.11.2018 yildagi qaroriga asosan «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilgan.

Samarqand viloyat iqtisodiy sudining 17.04.2017 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi Qashqadaryo viloyat vakolatxonasi huzuridagi Hakamlik sudining 15.02.2017 yildagi qarzdor «IXDINAR» MChJdan undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJ foydasiga 1.942.094.875 so‘m qarz, Samarqand viloyat xo‘jalik sudining 23.02.2017 yildagi qarzdor «IXDINAR» MChJdan undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJ foydasiga 502.407.710,64 so‘m asosiy qarz va 2.512.038 so‘m hakamlik yig‘imi, Samarqand shahar iqtisodiy sudining 20.02.2018 yildagi qarzdor «IXDINAR» MChJdan undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJ foydasiga 15.391.017 so‘m penya undirish to‘g‘risidagi, Samarqand shahar iqtisodiy sudining 23.03.2018 yildagi qarzdor «IXDINAR» MChJdan undiruvchi «Sho‘rtanneftgaz» MChJ foydasiga 1.136.108.569 so‘m qarz undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ijro ish yurituviga 21.02.2019 yilda qayta kelib tushgan va shu kunning o‘zida ijro ishi yuritishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi tomonlarga yuborilgan.

Shuningdek, qarzdor «IXDINAR» MChJga tegishli bo‘lgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi 14.03.2019 yilda borib ko‘zdan kechirilganda davlat ijrochisi tomonidan qo‘yilgan muhrlar uzilganligi aniqlanib, qarzdorga tegishli bo‘lgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi davlat ijrochisi tomonidan 14.03.2019 yilda qayta muhrlangan.

«Hozirgi kunda ushbu ijro hujjatlari yuzasidan ijro harakatlari olib borilayotganligini ma'lum qilamiz», — deyiladi Samarqand viloyat MIB tushuntirishida.

Biz mazkur shoxobchada suyultirilgan gaz bilan savdo qilgan «Sarvinoz Gaz Servis» MChJ vakillari bilan ham suhbatda bo‘ldik.

— «IXDINAR» MChJning bizning tashkilotimiz oldida ham qarzi bor. Biz ularni sudga bermasdan, o‘zaro kelishuv asosida bu shoxobchadan ijara asosida foydalanib, «IXDINAR» MChJning soliq va boshqa kommunal to‘lovlarni to‘lash orqali, ishchilariga maosh berish, shuningdek, ijara haqi hisobiga o‘rtadagi qarzni kamaytirishga kelishgan edik. Ish boshlaganimizga endi ikki oy bo‘ldi. Bu shoxobcha bizga taqdim etilganida muhrlanmagan edi, — deyishdi «Sarvinoz Gaz Servis» MChJ vakili.

Hozircha Samarqand shahar MIB tomonidan, auksionga chiqarish uchun xatlangan mol-mulk ishlatilganligi, mazkur maskanda boshqa tashkilot tomonidan savdo olib borilgani uchun tegishli jazo choralari ko‘rilganligi haqida axborot olmadik.

MIB Samarqand viloyat bo‘limining tushuntirishida majburiy ijro harakatlari davomida «IXDINAR» MChJning «Invest Finans bank» ATB Samarqand viloyat filialidagi hisob raqamlarining chiqim qismiga band solinganligi ma'lum qilingan. Bu holda, shoxobchada elektr energiyasi uchun oldindan to‘lovlar qay tarzda amalga oshirilgani ham qiziq.

Kun.uz ushbu masalaga ham albatta oydinlik kiritadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

P.S. Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, qarzdor «IXDINAR» MChJ rahbari Rustam Nasimov tomonidan uning zimmasiga muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan o‘zini tiyish majbariyatini yuklovchi ijro hujjatini uzrsiz sabablarga ko‘ra davlat ijrochisi tomonidan unga yuklatilgan talablarni bajarilmaganligi sababli davlat ijrochisining 15.03.2019 yildagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 198(1)-moddasiga asosan eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida ya'ni 2 mln. 27 ming 300 so‘m jarima jazosi qo‘llanilgan.
Qarzdor «IXDINAR» MChJning elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorligi 2019 yil 19 mart holatiga 1 mln. 993 ming so‘mni tashkil qilishi ma'lum qilingan. 
Bugungi kunda qarzdor «IXDINAR» MChJning faoliyati davlat ijrochisi tomonidan to‘xtatilganligi, faoliyat ko‘rsatmayotganligi va hozirgi kunda ushbu ijro hujjatlari yuzasidan ijro harakatlari olib borilayotganligini ma'lum qilingan.

Mavzuga oid