Light | 12:21 / 21.03.2019
76701
2 daqiqa o‘qiladi

Bolaning Daun sindromi bilan tug‘ilishining asosiy omili ma'lum qilindi

Foto: Fotolia / philidor

Bolaning Daun sindromi bilan tug‘ilishining asosiy omili onaning yoshi hisoblanadi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining Tibbiy-genetik ilmiy markazi matbuot xizmati ma'lum qildi.  

Mutaxassislarning aytishicha, irqiy kelib chiqish yoki iqtisodiy-ijtimoiy sharoitlar homilaning ushbu irsiy chetlashish bilan tug‘ilishiga ta'sir qilmaydi. Biroq hududning an'anaviy va diniy xususiyatlari ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, chunki homiladorlikni tugatish qabul qilinmagan hududda bu chetlashishga ega bolalar soni oshib boradi. 

Ayollarda 40 yoshiga kelib Daun sindromi bilan bola tug‘ilishi ehtimoli 30 yoshlilarga nisbatan 9 marta yuqoriroqdir. 

Ko‘plab davlatlarda homilador ayollarning yoshidan qat'iy nazar, ularda homilada 21-xromosoma trisomiyasini aniqlash bo‘yicha tug‘ruqqacha skrining o‘tkaziladi.

Bu sindromni topishning eng samarali usuli noinvaziv prenatal test, ya'ni ona qonidan ajratilgan homila DNKsining tahlili hisoblanadi. Bunday tahlilni homiladorlikning 9-haftasidayoq o‘tkazish mumkin. 

Oxirgi tadqiqotlarga ko‘ra, Daun sindromiga ega odamlarning umr ko‘rish davomiyligi tibbiyot rivojlanishi evaziga oxirgi o‘n yilliklarda ancha uzaygan.

21 mart Xalqaro Daun sindromiga ega odamlar kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu kasallik irsiy chetlashish natijasida yuzaga keladi. Bunda yana bir xromosoma paydo bo‘ladi.

Sindrom 1866 yilda birinchi bo‘lib uni ta'riflab bergan ingliz shifokori Jon Daun sharafiga shunday nom olgan.

Mavzuga oid