O‘zbekiston | 16:05 / 26.03.2019
15463
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi 

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish uchun ruxsatnomalar va O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalarni olish bo‘yicha onlayn-maydoncha ishlab chiqadi va amaliyotga joriy etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:

O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani olgan chet ellik yuqori malakali va malakali mutaxassislar daromadlaridan to‘lanadigan soliqlar summalari bo‘yicha muntazam kameral nazorat olib boradi;

jismoniy shaxslar daromadlaridan to‘lanadigan soliq summasining tegishli toifadagi mutaxassislar uchun belgilangan ish haqiga (mukofotga) muvofiq emasligi aniqlanganda, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini rejadan tashqari qisqa muddatli tekshirish zarurati haqida yozma murojaatlar kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekiston Respublikasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida keladigan chet el fuqarolari O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma va mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnoma olgach, ularga kirish vizalarini berish hamda uzaytirish vazifasi yuklandi.

Nizomga ko‘ra, u quyidagi toifadagi chet el fuqarolariga tatbiq etilmaydi:

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 7 noyabrdagi PQ-4008-son qarori 5-bandining “a” kichik bandida ko‘rsatilgan shaxslarga;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tkazilgan xorijiy davlatlarning doimiy vakolatxonalari, xalqaro hukumatlararo tashkilotlari va hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari, shuningdek, diplomatik maqomga ega bo‘lgan boshqa shaxslarga;

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi iltimosnomalariga ko‘ra, turizm sohasidagi ishlarga uch oygacha bo‘lgan muddatga jalb qilinadigan mutaxassislarga;

O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatadigan yoki tashkil etiladigan xorijiy va qo‘shma korxonalar ta'sischilariga uch oygacha bo‘lgan muddatda;

O‘zbekiston Respublikasi hududida davlatlararo bitimlarga muvofiq tashkil etilgan tashkilotlarda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fan va madaniyat arboblariga;

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining dasturlari doirasida ta'til vaqtida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan talabalar;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tkazilgan matbuot vakillari;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, xalqaro va xorijiy nodavlat (hukumatga qarashli bo‘lmagan) notijorat tashkilotlari vakolatxonalari hamda filiallarining xodimlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Prezident maktablari, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarida ishlash uchun jalb etiladigan o‘qituvchilar va mutaxassislarga;

O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olgan shaxslarga;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ishga joylashtirishning boshqa tartibi belgilangan shaxslarga.

Bildirilishicha, ish beruvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini ruxsatnoma olmay jalb qilish taqiqlanadi.

Yuqori malakali va (yoki) malakali mutaxassislarni, shuningdek, Prezident maktablari, oliy ta'lim muassasalarida ishlash uchun o‘qituvchilar va mutaxassislarni jalb etishda ish beruvchining ruxsatnoma olishi talab etilmaydi.

Ruxsatnoma ish beruvchiga unda ko‘rsatilgan son va mutaxassisliklar (lavozimlar) uchun bir yil muddatga beriladi. Bunda ish beruvchi tomonidan so‘ralayotgan chet el fuqarolarining soni va mutaxassisligi (lavozimlari) uning ishchi kuchiga bo‘lgan amaldagi ehtiyojiga mos kelishi kerak.

Chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududida tasdiqnoma olmasdan mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi.

Ruxsatnoma va tasdiqnoma berish tartib-taomilini amalga oshirishda:

a) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ruxsatnomalar va (yoki) tasdiqnomalar beradi;

b) hududiy mehnat organlari tasdiqnomalar berish uchun o‘z xulosalarini Agentlikka yuboradi.

Davlat xizmatlari markazlari, Agentlik hamda hududiy mehnat organlari o‘rtasida axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (ERI) albatta qo‘llagan holda, faqat idoralararo elektron hamkorlik vositasi orqali amalga oshiriladi.

Ruxsatnomalar va (yoki) tasdiqnomalar olish uchun ish beruvchilarning taqdim etilgan hujjatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha xolis qaror qabul qilishni ta'minlash maqsadida Agentlik rahbarining buyrug‘i bilan Agentlik xodimlari orasidan 7 kishidan ko‘p bo‘lmagan tarkibda komissiya tuziladi.

Ruxsatnomalar va (yoki) tasdiqnomalarni berish (uzaytirish) yoki berishni (uzaytirishni) rad etish to‘g‘risidagi qaror komissiya tomonidan uning a'zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va komissiya majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

Ish beruvchi ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat qiladi.

Elektron shaklda ruxsatnoma olish uchun ish beruvchi O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) yoki xorijdan ishchi kuchini jalb qilish uchun ruxsatnomalar va O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan tasdiqnomalarni olish uchun onlayn-maydonchada ro‘yxatdan o‘tadi.

Arizani ko‘rib chiqqanlik uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im to‘langani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.

Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘imlar summalari quyidagi tartibda tasdiqlanadi:

20 foizi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasi shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;

10 foizi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;

qolgan mablag‘lar Agentlikning bank xisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Quyidagilar ruxsatnoma berishni rad etish uchun asos hisoblanadi:

arizada ishonchsiz ma'lumotlarni ko‘rsatish;

ish beruvchi tomonidan so‘ralayotgan chet el fuqarolari soni va mutaxassisliklarining (lavozimlarining) uning ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojiga mos kelmasligi;

chet el fuqarolari mehnat shartnomasi bo‘yicha ishga belgilangan tartibda ruxsatnomalar va tasdiqnomalar olmay qabul qilingan holatlar mavjud bo‘lganda.

Ruxsatnoma berishni boshqa sabablarga ko‘ra rad etish qat'iyan taqiqlanadi.

Mavzuga oid