Jahon | 18:20 / 26.03.2019
8390
3 daqiqa o‘qiladi

Uber o‘z raqibini xarid qilib tarixidagi eng yirik shartnomani imzoladi

Foto: Flickr /Elliott Brown

Uber taksi xizmati o‘z raqibini 3,1 mlrd dollarga sotib olmoqda, bu kompaniyaning eng yirik bitimi va birinchi mintaqaviy raqib xarididir. 

Uber Yaqin Sharq mamlakatlarida faoliyat yurituvchi Careem Networks FZ taksi servisini sotib olmoqda. Shartnoma summasi - 3,1 mlrd dollar. Kompaniya ushbu summaning deyarli yarmini naqd pul ko‘rinishida, qolganini esa - bitim tugagandan keyin konvertatsiya qilinuvchi veksellar shaklida to‘laydi. 

Bloomberg'da qayd etilishicha, Careem'ni xarid qilish — Uber tarixidagi eng qimmat bitim. Oktyabrda navbatdagi investitsiyalar raundida Yaqin Sharq servisi 2 mlrd dollarga baholandi. Uning investorlari qatorida Germaniyaning Daimler AG, Xitoyning Didi Chuxing, Yaponiyaning Rakuten Inc va Saudiya Arabistonnining Kingdom Holding kompaniyalari bor.

Kelishuvdan so‘ng Careem kompaniyasi Uber'ning sho‘'ba korxonasi sifatida o‘z brendi ostida ishlashda davom etadi. Kompaniyaning amaldagi bosh direktori Mudassir Shayx o‘z lavozimini saqlab qoladi. 

Uber bosh direktori Dara Xosrovshaxi kompaniya saytiga joylashtirilgan va xodimlarga yozilgan maktubda Yaqin Sharq kompaniya uchun juda muhim ekanini ta'kidladi. Uber birinchi marta o‘zining mintaqaviy raqibini sotib olmoqda, deb yozadi Bloomberg. Reuters'da ta'kidlanishicha, Careem'ni xarid qilish Amerika kompaniyasiga mintaqada yetakchilikni qo‘lga olishda yordam beradi. Amerika kompaniyasi 2013 yildan boshlab Yaqin Sharqda faoliyat yurita boshladi. Careem esa bir yil ilgari Dubayda ish boshlagan va CNN'da yozilishicha, raqibidan o‘zish uchun mahalliy spetsifikaga oid bilimlaridan foydalangan. Bugunga kelib Careem Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Pokiston va Turkiyaning 98 shahrida ish olib boradi. 

Bitim, shuningdek, Uber uchun ham muhim ahamiyatga ega, zero kompaniyaning qator mamlakatlardan ketishi uning xalqaro bozorlarda raqobatbardosh o‘yinchi bo‘lishga doir xususiyatiga shubha tug‘dirayotgan edi. Uber 2016 yildan boshlab o‘z operatsion biznesini Janubi-Sharqiy Osiyoda - mahalliy raqibi Grab'ga, Xitoyda - Didi Chuxing kompaniyasiga, Rossiyada esa «Yandeks.Taksi»ga sotdi. 

Shartnoma 2020 yilning birinchi choragidan erta bo‘lmagan muddatda yopiladi, deyiladi Uber'da: uni 15 mamlakatdagi regulyatorlar bilan muvofiqlashtirish kerak. Bu bitimning Uber'ning ommaviy kompaniya sifatidagi ilk hisobotlarida aks etishini anglatadi, u  IPO'ga arizaga kiritilishi mumkin, deyiladi Reuters'da. Uber'ning Nyu-York fond birjasiga joylashtirilishi barcha davrlarning eng yirik IPO'lar beshligiga kirishi mumkin. Bloomberg agentligiga ko‘ra, kompaniya bahosi 120 mlrd dollarga yetishi mumkin. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid