Sport | 22:30 / 31.03.2019
13395
2 daqiqa o‘qiladi

«Tottenhem» «Liverpul»ni birinchi o‘ringa qaytardi

Angliya chempionatining 32-turidagi markaziy uchrashuvda «Liverpul» «Tottenhem Hotspur»ni qabul qildi. Liverpuldagi «Enfild» stadionida kechgan uchrashuv maydon egalarining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yinda hisob 16-daqiqadayoq ochildi, Endryu Robersonning qanotdan yuqorilatib uzatgan to‘pini Roberto Firmino boshi bilan raqib darvozasiga joyladi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida mehmonlar hisobni tenglashtirishga erishishdi, Lukas Moura Kristian Eriksenning pasini golga aylantirdi. 

O‘yindagi hal qiluvchi gol 90-daqiqada urildi. Londonliklar jamoasi darvozaboni Ugo Loris Muhammad Salohning zarbasini qaytardi, ammo qaytgan to‘p Tobi Alderveyreldga tegdi va darvoza to‘ridan joy oldi

Endilikda «Liverpul» ochkolari sonini 79taga yetkazib, 78 ochkoga ega «Manchester Siti»ni quvib o‘tib, Angliya chempionati turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Tottenhem Hotspur» 61 ochko bilan uchinchi o‘rinda qoldi.

Keyingi turda «Liverpul» «Sauthempton» mehmoni bo‘ladi, «Tottenhem» «Kristal Pelas»ni qabul qiladi.

Angliya chempionati
32-tur
Liverpul – Tottenhem 2:1 (1:0, 1:1)

Gollar: 1:0 – 16 Firmino, 1:1 – 70 Lukas Moura, 2:1 – 90, avtogol Alderveyreld.
Liverpul – Alisson, Matip, Roberson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Veynaldum, Henderson (Origi, 77), Milner (Fabino, 77), Mane, Saloh (Lovren, 90), Firmino.
Tottenhem – Loris, Rouz, Sanches (Son Xin Min, 69), Alderveyreld, Tripper, Alli, Sissoko, Lukas Moura (Devis, 82), Eriksen (Lorente, 90), Vertongen, Keyn.
Ogohlantirish: Lukas Moura (80).

Mavzuga oid