Sport | 11:21 / 01.04.2019
15283
3 daqiqa o‘qiladi

Zidan «Ueska» bilan o‘yinda o‘g‘lini asosiy tarkibga kiritganiga izoh berdi

Foto: REUTERS

«Real» La Liga 29-turida «Ueska»ni qabul qilib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu bahsda mezbonlar darvozasini bosh murabbiy Zinedin Zidanning 20 yoshli o‘g‘li Luka qo‘riqladi. Bu kichik Zidan uchun «Real» tarkibidagi ikkinchi rasmiy o‘yin, «Santyago Bernabeu» stadionidagi debyut uchrashuv bo‘ldi.

«Qaymoqranglilar» bosh murabbiyi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida o‘g‘lini tarkibga kiritish qaroriga quyidagicha izoh berdi.

«Luka uchinchi darvozabonimiz sanaladi. Kurtua o‘yinga tushishga tayyor emasdi. Keylorni tanlashimiz mumkin edi, ammo milliy jamoasidan qaytgach, unga dam berishga qaror qildik. Men Lukani u mening o‘g‘lim bo‘lgani uchun emas, balki u ham qolganlar qatori «Real» a'zosi ekanligi sabab tarkibga kiritdim. Uning o‘yini haqida ota sifatida gapirmoqchi emasman, chunki men «Real» murabbiyiman. Faqat shuni ayta olamanki, Luka endi yosh bola emas, unda ham xarakter bor, u ham maydonga chiqishni xohlaydi», – dedi Zidan.

El Chiringuito`ning keltirishicha, fransiyalik mutaxassisning jamoa o‘yini to‘g‘risidagi fikrlari quyidagicha bo‘lgan:

«Birinchi golni xato tufayli o‘tkazib yubordik. Umuman olganda esa o‘yinni yaxshi o‘tkazdik. Doimo g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Marianoni tarkibga kiritganimiz tufayli ayrim o‘zgarishlar qilishimiz kerak edi. Bu o‘z samarasini berdi.

Benzema 10 yildan buyon «Real»da o‘ynayapti. Ehtimol, bu mavsum uning uchun eng yaxshisidir. Men Karimga ishonch bilan qarayapman. U klubimiz a'zosi va u qanday o‘zgarishga qo‘l urmoqchi, deb o‘ylamayman».

Mavzuga oid