Axborot agentligiga nega ilmiy nashr maqomi berildi? OAK rahbariyatiga savollar
Keyingi paytlarda Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatiga oid turli fikrlar ko‘payib ketdi. Bular orasida mening takliflarim ham bor.
O‘zim ilm sohasi vakili bo‘lganim, sohadagi islohotlarga befarq bo‘lmaganim uchun ham o‘z fikr va takliflarimni berib borishga harakat qilaman.
2 aprel kuni OAK saytida berilgan yangilik meni taajjubga soldi. Unga ko‘ra, Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining qaroriga binoan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Bu o‘rinda birinchi navbatda xayolga keladigan savol: OAK ilmiy jurnallari ro‘yxatiga qo‘shilish jarayoni shunchalik osonlashdimi yoki yana qandaydir imtiyozlar usulidan foydalanilyaptimikan?
Xabarda aytilishicha, «Bundan buyon O‘zA veb-saytida filologiya, tarix, iqtisodiyot, yuridik, falsafa, tibbiyot va texnika fanlari bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda e'lon qilingan ilmiy maqolalar (kamida (0,25 b.t.) OAKda hisobga olinadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, bo‘lajak doktorlik dissertatsiyalari himoyalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi veb-saytida e'lon qilish amaliyoti 2019 yilning 1 aprelidan boshlab joriy etildi».
Navbatdagi savollar tug‘iladi: O‘zAda bunday maqolalarni taqriz qilish uchun alohida tahririyat tuzildimi? Tuzilgan taqdirda uning tarkibidan kimlar joy olgan? Masalan, tibbiyot va texnika sohasida yo‘nalishlar shunday ko‘pki, bir yo‘nalishdagi mutaxassis boshqa yo‘nalishdagi ilmiy maqolani obektiv taqrizdan o‘tkazishi amrimahol. Savollar ko‘p, javob yo‘q. Ayrim hamkasblarim ijtimoiy tarmoqlarda hayratini yashirmayapti. Ayrim mulohazalar qisqacha shaklda minbar.uz’da ham berildi.
Endi nega meni bu yangilik menda ikkilamchi tuyg‘u uyg‘otganini ochiqlasam. O‘zAda OAK haqida tanqidiy chiqishlar ketma-ket e'lon qilingach, bu chiqishlarga munosabat so‘rashdi (O‘zAdan), munosabatni jo‘natdim, lekin hafta o‘tsa hamki chiqishidan darak bo‘lmadi. Shundan keyin maqolam dastlab Xabar.uz, keyin Kun.uz saytida berildi. OAK tomonidan O‘zAga ko‘rsatilgan «ehtirom» (ishonch)ni ko‘rib, ichimdagi turli gumonlarga erk bermay, balki bu tasodifdir deb qo‘yaqoldim. Lekin yangilikning keyingi qismi yana xayolimni buzdi. Bu dissertatsiya himoyalarining OAVda berilishi shart bo‘lgan e'loniga bog‘liq qismi. Himoya haqidagi e'lonlar oldin 6ta nashrda e'lon qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, endi bular safiga O‘zA ham qo‘shilibdi. Bungacha bunday e'lonlar asosan «Ma'rifat» gazetasida chop etilgan, garchi ro‘yxatda yana 5ta nashr mavjud bo‘lsa ham. Buyam tasodif, yanayam to‘g‘rirog‘i, dissertantlarning «sarafan radiosi» orqali bir-biriga tavsiyasi sababli bo‘lsa kerak. OAKning o‘tgan yilgi 9 oylik hisobotiga ko‘ra, 758ta ilmiy daraja himoyalari bo‘lib o‘tgan. Demak, shuncha e'lon berilgan. Har bir e'lon uchun 80 ming so‘mdan to‘langan bo‘lsa («Ma'rifat»da to‘lov shuncha) qariyb 60 million so‘m pul bo‘ladi. Bu yerdan endi qandaydir korrupsion sxema izlash tirnoqdan kir qidirishga o‘xshab qolsa kerak. Yangilikdagi mazmunga qaraganda endi dissertantlar O‘zAga borishadi. O‘zA bu «bonuslar» evaziga OAK haqida tanqidiy chiqishlarni to‘xtatdi, deb o‘ylasak to‘g‘ri bo‘lmasa kerak, balki tuhmat ham bo‘lib chiqar. Shuning uchun, bunday deyishdan o‘zimni tiyaman.
Shu kunlarda OAK bo‘yicha majlis bo‘lar ekan. Yaxshi xabarlar kutib qolamiz. Ilm sohasi odami sifatida sohadagi har qanday ijobiy o‘zgarishni mamnuniyat bilan qarshi olaman.
Shu o‘rinda bir fikrni yana ta'kidlab o‘tmoqchiman. Bizda ilmiy darajadan turli g‘arazli manfaatlar uchun foydalanish imkonini yo‘qotishga harakat qilishimiz kerak. Shunda turli korrupsion yo‘llar bilan ilmiy daraja olishga intilayotgan psevdo-olimlar soni kamaygan bo‘lardi. Buning uchun turli lavozimlarga tavsiya qilishda ilmiy darajaning hozirgi muhim rolini pasaytirish, ilmiy daraja tufayli oylik maoshlarni farqlantirish tendensiyasini me'yorda ushlash, OTM va ITIlarda ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanayotgan va xalqaro bazalarga (Scopus, Web of Science) kiritilgan jurnallarda ilmiy maqola chop etganlarni rag‘batlantirishni keng yo‘lga qo‘yish kerak. Quvonarlisi, bunday ishlar hozirdanoq ayrim OTMlarimizda yo‘lga qo‘yilgan, misol uchun Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetida shunday rag‘bat bor ekan.
Erkinjon Karimov,
O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi, V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi
Mavzuga oid
10:06 / 24.05.2024
Botir Qobilov Harvard biznes maktabida doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan ilk o‘zbekistonlik bo‘ldi
11:23 / 09.08.2021
«Nashr et yoki yo‘q bo‘l» - O‘zbekistonda sifatsiz «olimlar» ko‘payishi omillari
16:54 / 26.06.2021
Saida Mirziyoyeva Moskva davlat universitetida iqtisodiyot bo‘yicha dissertatsiya yoqladi
20:14 / 11.04.2021