22:10 / 04.04.2019
12355

Prezident ikkinchi chorakda eksport hajmini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha Davlat budjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta'minlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman hokimliklar bilan birgalikda faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va ularga faoliyatini tiklashga ko‘mak berish grafigini tasdiqlab, ijrosini ta'minlash topshirildi.

«Ko‘rinib turibdiki, joylarda hali ham mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish choralari ko‘rilmayapti», degan prezident.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yuqorida ta'kidlab o‘tilgan muammolar o‘z vaqtida bartaraf qilinsa, yil oxiriga qadar budjetga qo‘shimcha kamida 6 trillion so‘m tushishini ta'minlash mumkin.

Jumladan, joriy yilning ikkinchi choragida Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 200 milliard so‘mdan, Qashqadaryoda 170 milliard so‘m, Andijonda 140 milliard so‘m, Qoraqalpog‘istonda 130 milliard, Farg‘onada 100 milliard, Samarqand va Namanganda 80 milliard so‘mdan, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda 60 milliard so‘mdan, jami qariyb 2 trillion so‘m budjetga qo‘shimcha mablag‘ tushirish imkoniyati mavjud.

Shu bilan birga yig‘ilishda mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan choralar muhokama qilindi.

Bu borada ikkinchi chorakda o‘tgan chorakka nisbatan 1,1 milliard dollarga ko‘p eksportni amalga oshirish vazifasi turganligi ta'kidlandi.

«Aprel-iyun oylarida hokimliklar birinchi chorakka nisbatan 3 barobar ko‘p meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ta'minlashi zarur», deya ta'kidlagan prezident.

Davlat rahbari bu borada ayrim soha va tarmoq mutasaddilar va hudud rahbarlarini mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani uchun keskin tanqid qildi. 

Eksportbop mahsulotlar bo‘yicha qanday ustunlik jihatlarimiz mavjud, qaysi hududda qanday mahsulot yetishtirish va qayerga eksport qilish bo‘yicha qisqa muddatlarda amaliy takliflar ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Eksport qilinayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish, tovarlar uchun nazorat idoralaridan ruxsat olishni soddalashtirish bo‘yicha qator vazifalar turibdi. Misol uchun, mamlakatimizda eksport hujjatlarini rasmiylashtirish 96 soat vaqt olsa, xorijda bunga 12 soatu 20 daqiqa ketadi, xolos.

Eksport uchun ruxsatnomalar berishda «Yagona darcha» tizimi to‘liq ishga tushmagani oqibatida tadbirkorlar o‘z mahsulotini eksport qilishga ruxsat olish uchun kamida 10ta idoraga borishi lozim.

Shu sababli Vazirlar Mahkamasiga eksport-import operatsiyalariga ruxsat beruvchi idoralarni jalb qilgan holda tashqi faoliyat bilan bog‘liq davlat xizmatlarini qamrab oluvchi «Yagona darcha» tizimini joriy etish topshirildi.

Davlat bojxona qo‘mitasiga yalpi pishiqchilik davrida bojxona postlarining o‘tkazuvchanligini oshirish va tirbandlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Prezident eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari ijrosini to‘liq ta'minlash lozimligini alohida ta'kidladi.

Bu borada eksport bozorlarida mamlakatimiz o‘rnini mustahkamlash maqsadida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan G‘allaorol, Zomin, Bulung‘ur, Urgut, Qibray, Parkent, Oltiariq tumanlari va Quvasoy shahrida tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi birlashmalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish zarur.

Shuningdek, «O‘zdavkarantin» inspeksiyasiga gilos, o‘rik, olcha kabi bozori chaqqon mevalarni xorijiy bozorlarga faol kirib borishini ta'minlash maqsadida, chet el karantin xizmatlari bilan o‘zaro muhokamalar o‘tkazib, eksportchilar uchun qulay sharoitlarni yaratish choralarini ko‘rish topshirildi.

Transport-logistika xarajatlarining yuqoriligi mamlakat eksport salohiyatini oshirishga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani ta'kidlandi. Ushbu masalani yechimi yo‘lida birinchi qadam sifatida joriy yil fevral oyida mamlakatga import qilinadigan vagonlar bojxona bojlaridan ozod qilindi.

Bu borada Transport vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda temir yo‘l transportining imkoniyatlaridan keng foydalanish, «yagona darcha» tamoyili asosida soddalashtirilgan mexanizmni joriy etish yuklandi.

Bundan tashqari, yuk transporti parkini keskin oshirish uchun ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan transport vositalarini sotib olish uchun kreditlash tizimini joriy etish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berildi. 

Yig‘ilishda har bir tarmoq va hudud rahbarining eksport tushumlari barqaror va o‘z vaqtida kelib tushishi uchun shaxsiy javobgarligi belgilab qo‘yildi.

Mavzuga oid
Top