Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hafta o‘yinlari anonsi: Ispaniya va Germaniyada chempionlik o‘yinlari
Kelasi hafta Yevropa Chempionlar Ligasida chorak final o‘yinlari boshlanadi. Chigalyozdi sifatida esa, dam olish kunlari e'tiboringizga kuchli beshlikda navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bu hafta Italiyada rasman, Ispaniyada amaliy tomondan chempion nomi aniqlanishi ham mumkin. Germaniyada esa, «Oltin uchrashuv» maqomiga mos keladigan qiziqarli o‘yin kutib turibdi.
SAUTHEMPTON – LIVeRPUL (5 aprel, 23:55)
Shanba-yakshanba kunlari Angliya Kubogida yarim final o‘yinlari tashkil etilishi munosabati bilan, navbatdagi tur hafta bo‘yicha sochib yuborilgan va ba'zi o‘yinlar seshanba-chorshanba kunlari ham bo‘lib o‘tdi. Bugun esa, «Liverpul» qaysidir ma'noda o‘ziga «farm klub» hisoblangan «Sauthempton» maydoniga safar qiladi. Chempionlik poygasida har bir yo‘qotilgan ochko yakunda sovrinsiz qolishga sabab bo‘lishini inobatga olsak, bu o‘yin juda keskin o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi.
Birinchidan, «Sauthempton»ning turnir jadvalidagi ahvoli ham yaxshi emas. Jamoa 33 ochko bilan 16-o‘rinda boryapti va xavfli zonadan uzoqlashib ketgani yo‘q. Ikkinchidan, sauthemptonliklar «Liverpul» uchun ancha noqulay raqib sanalishadi. To‘g‘ri, jamoa «Liverpul»ga qarshi to‘rt o‘yindan beri gol ura olmayapti, lekin masalan, ikki yil oldin aynan «Sauthempton» Liga kubogida «qizillar»ni chiqarib yuborgandi. Umuman, jamoa turnir jadvalida qaysi o‘rinda borishidan qat'i nazar top-klublarga qarshi munosib to‘p surishini ta'kidlash kerak. Masalan, o‘z maydonida «Arsenal», «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alabalar, «Manchester Yunayted» bilan har ikki o‘yinda g‘alabaga yaqin bo‘lganliklari, «Stemford Brij»dagi durang ko‘p narsadan dalolat beradi.
Va albatta, yuqorida eslanganidek, Sauthemptondan juda ko‘p futbolchilar Liverpulga ko‘chib o‘tishgan: bugun ulardan Mane, Lallana, Klayn kabi futbolchilar sobiq muxlislari qarshisida to‘p surishlari mumkin. Mezbonlar safida esa, Ingz sobiq jamoasiga qarshi o‘zini ko‘rsatishga urinib ko‘radi.
YuVeNTUS – MILAN (6 aprel, 21:00)

Turinliklar Italiyada yangi rekord o‘rnatishlari, ya'ni 7 apreldayoq rasman chempionga aylanishlari mumkin. To‘g‘ri, bu voqea «Yuventus» – «Milan» o‘yinida ro‘y bermaydi, chunki jamoa «Napoli»dan yetarlicha o‘zib ketishi uchun, ertasiga, «Napoli» «Jyenoa»ga yutqazishi talab etiladi.
Shunday bo‘lsa-da, «Yuventus» bu o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushishi va imkon qadar tezroq ichki sovrinlarning egasiga aylanib olishi muhim. Shu tariqa, bor imkoniyatini 22 yillik orzu – Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritishga qaratsa bo‘ladi. Raqib «Milan» ekanini e'tiborga olsak, bu o‘yin juda keskin kurashlar ostida o‘tishi tabiiy. Ba'zi qo‘shimcha holatlar bu o‘yinda tomonlarning imkoniyatlarini tenglashtiradi.
Birinchidan, turnir e'tibori bilan milanliklarda motivatsiya kattaroq. «Milan»ga YeChL o‘rinlari uchun kurashda ochkolar muhim. 2019 yilni juda yaxshi boshlab, qatorasiga g‘alabalarga erishgan «Milan»da so‘nggi paytlarda pasayish kuzatildi va Jyennaro Gattuzo shogirdlari uch o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilishmayapti. Milan derbisidagi mag‘lubiyatni tushunish mumkindir, ammo «Sampdoriya»dan mag‘lubiyat va o‘z maydonida «Udineze»ni yenga olmaslikni tushunish qiyin. Natijada, «Milan»ga «Atalanta» yaqinlashib oldi va agar milanliklar yana ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, bu farq minimal darajaga yetadi.
Ikkinchidan, «Yuventus» tarkibida muammolar bor. Krishtianu Ronaldu jarohat tufayli o‘ynay olmayapti va YeChLdagi muhim o‘yin oldidan bu o‘yinda ham tavakkalchilikka borilmasa kerak. Umuman, kelasi haftadagi yevrokuboklar tufayli, «Yuventus» bu o‘yinga ancha kuchsizlangan tarkibni tushirishi ehtimoli katta. A Seriyadagi 18 ochkolik farq baribir yakunda turinliklarga navbatdagi chempionlikni olib berishi shubhasiz.
Shu bilan birgalikda, aynan Ronalduning safda bo‘lmagani boshqa yosh iqtidor – Moyze Kinga yo‘l ochdi. Ushbu 19 yoshli hujumchi 4 o‘yindan beri gol urmoqda. Tabiiyki, Kin – Pyontek duelini ko‘rish muxlislar uchun qiziq bo‘lsa kerak.
Ronaldudan tashqari, mezbonlar tarkibida Duglas Kosta, Andrea Barzali, Xuan Kuardado va Sami Xedira kabi futbolchilar jamoaga yordam bera olishmaydi. «Milan»da esa, Jakomo Bonaventura mavsum oxirigacha safdan chiqqan.
O‘zaro o‘yinlarga qaralsa, «Yuventus» 7 o‘yindan beri milanliklar ustidan g‘alaba qozonib kelmoqda.
BARSeLONA – ATLeTIKO (6 aprel, 23:45)
Ispaniyada ham turnir jadvalini boshqarib turgan ikki jamoa o‘zaro orani ochiq qilishadi. Ammo nemislardan farqli ravishda, bu yerda ochkolar farqi kattaroq – 8 ochko. Shunday bo‘lsa-da, kataloniyaliklar xotirjamlikka berilmasliklari kerak. Sababi, mag‘lubiyat oradagi farqni yanada qisqartiradi va «Atletiko»ning yevrokuboklarda qatnashmayotgani e'tiborga olinsa, «Barselona» uchun qo‘shimcha kurashning paydo bo‘lishi ancha noqulaylik tug‘dirishi mumkin.
Buning ustiga, La Ligadagi keyingi raqiblar – La Ligada qolish uchun kurashayotgan «Ueska», «Selta» va «Levante», hamda Chempionlar Ligasidagi o‘rinlar uchun da'vogar bo‘lgan «Alaves» va «Xetafe»dir. Bunday raqiblarga qarshi o‘ynash qiyin, oxirgi daqiqalargacha kurashishga to‘g‘ri keladi. Masalan, ligadagi o‘rin uchun kurashayotgan «Vilyarreal» peshqadamga qanday muammo tug‘dirganini ko‘rdik. 2:0 hisobida hisobda oldinga chiqib olib, xotirjamlikka berilgan «Barselona» o‘z darvozasidan 4ta gol olib chiqdi. Demak, Chempionlar Ligasi bilan parallel tarzda, ichki chempionat xotirjamroq o‘tishini istasa, «Barselona» bu o‘yinda hech bo‘lmasa durang o‘ynashi kerak. G‘alaba esa, amaliy tarafdan Ispaniyadagi chempionlik masalasiga nuqta qo‘yadi.
O‘yin «Kamp Nou»da bo‘lsa-da, bu stadionda madridliklar ancha munosib o‘ynay olishadi, masalan, oxirgi 8 o‘yinning 4tasida durang natija qayd etgan. Bu duranglar ham oddiy bo‘lmagan – bir marta shu durang yordamida «Atletiko» mezbonlardan chempionlikni tortib olgan bo‘lsa, bir martasida aynan durang natija kataloniyaliklarni Chempionlar Ligasi chorak finalida qoldirib ketgan.
Boshqa tarafdan esa, «Atletiko» Ispaniyadagi musobaqalarda «Barselona» ustidan g‘alaba qozona olmaganiga ancha bo‘ldi. Oxirgi marta madridliklar «Barselona»ni yengishganida, «Atletiko»ning bir golini Diyego Forlan urgan, kataloniyaliklar safida esa, Zlatan Ibrahimovich gol muallifi bo‘lgan. Bu o‘yinga to‘qqiz yildan ko‘p vaqt bo‘ldi.
Darvoqe, Valverde jamoasi kelasi hafta Chempionlar Ligasi doirasida Manchesterga safar qilishi kerak. O‘sha o‘yinning yanada muhimroq ekanidan kelib chiqib, murabbiy ba'zi futbolchilarga dam berishi, rotatsiyada davom etishi mumkin. Boshqa tarafdan, bunday o‘zgarishlar, ayniqsa, Messining maydonga tushmasligi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini o‘tgan turda, yuqorida eslangan «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda ko‘rdik.
BAVARIYa – BORUSSIYa D (7 aprel, 21:30)

Kuchli beshlik chempionatlari ichida faqat Germaniya va Angliyada chempionlik kurashi qizg‘in davom etmoqda. Agar Angliyada o‘zaro o‘yin yanvarda o‘tib bo‘lgan va tomonlar faqat sirtqi kurash olib borayotgan bo‘lishsa, Bundesligada mavsum taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan o‘yin bo‘lib o‘tadi. Minimal farq bilan sovrin uchun kurashayotgan ikki jamoa ro‘baru keladi.
Har ikki jamoa chorak finalda yevrokuboklardan chiqib ketdi. Agar yosh dortmundliklar uchun bu pozitsiya u qadar fojiali bo‘lmasa, «Bavariya»da ichki chempionatning ham boy berilishini juda og‘ir qabul qilishadi. O‘tgan turda «Frayburg» bilan o‘yindagi durangdan keyin esa myunxenliklar dortmundliklardan yana 2 ochko ortda qola boshladi. Demak, bu o‘yinda mezbonlarni faqat va faqat g‘alaba qoniqtiradi.
Bundesliga doirasidagi o‘yinlarda «Bavariya» o‘z maydonidagi oxirgi besh o‘yinda Dortmund ustidan g‘alaba qozongan. Bulardan uchtasi yirik hisobda bo‘lgan va masalan, o‘tgan mavsumda 6:0 hisobi qayd etilgan. Umuman, ushbu mavsumdagi ilk o‘yinni ham «Bavariya» ustunlik bilan boshlagandi. Ammo ikkinchi bo‘limda dortmundliklar o‘yinda burilish yasab, 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi.
Tarkiblar borasida har ikki tomondayam yo‘qotishlar bor. Mezbonlarga Robben, Tolisso, Alaba va Noyyer yordam bera olishmaydi. «Borussiya» tarkibida esa, Diallo, Hakimi, Pulishich, Pishchek va Maksimilian Filipp safdan chiqqan.
EVeRTON – ARSeNAL (7 aprel, 18:05)

Top-6 jamoalari ichida tarkib va ambitsiyalar borasidagi farq, murabbiyning o‘zgargani va so‘nggi ikki yildagi ko‘rsatkichlarga binoan, «Arsenal» autsayderdek ko‘ringan bo‘lsa-da, aslida unday bo‘lib chiqmadi. Hozirda ikki YeChL o‘rni uchun kurashayotgan to‘rt jamoa ichida har tomonlama yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgani aynan Emeri jamoasidir.
«Arsenal» mavsum oxirigacha birorta ham top-6 vakiliga qarshi o‘yin olib borishmaydi. Ammo boshqa tarafdan, «Arsenal» safar o‘yinlarini «Everton», «Uotford», «Vulverhempton», «Lester» va «Byornli»ga qarshi o‘tkazadi. Ya'ni, kuchli o‘nlikka yaqin bo‘lgan va aynan top klublarga qarshi munosib qarshilik ko‘rsata oladigan raqiblar. Ularning ichida «Everton» albatta, toplarga eng yaqin bo‘lganidir.
Jamoa mavsumni ancha beqaror boshlagan bo‘lsa-da, ayniqsa, so‘nggi turlarda aynan top raqiblarga qarshi munosib qarshilik ko‘rsata olyapti. Masalan, «Everton» o‘z maydonida «Liverpul»ga mag‘lubiyatga uchramadi va hatto ikkinchi bo‘limda ustunlik qildi. Xuddi shu ssenariyda o‘tgan «Chelsi»ga qarshi o‘yinda esa, «Everton» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Demak, «Arsenal»ga ham bu o‘yinda oson bo‘lmasligi tayin.
So‘nggi yillarda ham «Everton» vaqti-vaqti bilan «Arsenal» ustidan g‘alaba qozonib turishini, masalan, 2014 yilda hatto yirik hisob qayd etilganini eslash mumkin. Joriy mavsumning birinchi davrasidagi o‘yinda esa mezbonlar 2:0 hisobiga g‘alaba qozongandi.
Tarkiblardagi yo‘qotishlar. «Everton» safida faqat Yyeri Mina jamoaga yordam bera olmaydi. Uning safga qaytishi oyning o‘rtalariga mo‘ljallangan. Mehmonlarda esa yo‘qotishlar juda ko‘p. Aaron Remzi, Granit Jaka, Loran Koselni kabi muhim futbolchilar uchrashuvga tayyor emas. Ektor Bellerin va Danni Uelbek esa, mavsum oxirigacha safdan chiqqan.
Shuningdek, mezbonlar tarkibida Teo Uolkottning sobiq jamoasiga qarshi o‘yini muxlislar uchun qiziq bo‘lsa kerak.
BOShQA O‘YINLAR
6 aprel. «ReAL» – «Eybar» (19:15), «Sampdoriya» – «ROMA» (23:30)
7 aprel. «INTeR» – «Atalanta» (21:00), «NAPOLI» – «Jyenoa» (23:30), «PSJ» – «Strasbur» (23:55).
Mavzuga oid
20:37 / 16.05.2026
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
02:34 / 11.05.2026
"Barselona" "Real" bilan o‘yinda Ispaniya chempioniga aylandi. Bunaqasi ilk bor ro‘y berdi
20:32 / 10.05.2026
“Barselona” bosh murabbiyining otasi “El Klasiko” kunida vafot etdi
07:06 / 06.05.2026