Jamiyat | 11:45 / 05.04.2019
36671
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Yurtimizda yana bir yirik sement zavodi qurilmoqda

O‘zbekiston sement zavodlari soni yana bittaga ko‘payadigan bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyovning 2017 yil 20 iyuldagi “Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida sement zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga kirishildi va Andijon viloyati Buloqboshi tumanida xitoylik hamkorlar tomonidan yangi zavodning qurilish ishlari boshlandi.

Xitoyliklar bilan hamkorlikda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona barpo etish mahalliy xomashyo asosida jahon talablari darajasida mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu borada Xitoyning sement sohasida kuchli 10 talikka kiruvchi “Zhejiang Shangfeng Building Materials Co., Ltd”, “Zhejiang Tongli Heavy Machinery Co., Ltd.” va “Beijing Triumph International Engineering Co., Ltd” kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xitoy investitsiyasi ishtirokidagi ushbu qo‘shma korxonada loyihaning umumiy qiymati 418,9 million AQSh dollari bo‘lib, 2018 yildan 2020 yilning 2-choragicha 1 bosqichda 1.2 mln. tonna sement ishlab chiqarish liniyasi ishga tushiriladi va bu bosqichda 203,9 million AQSh dollari sarflanishi ko‘zda tutilgan. 2020-2023 yillarda 2 bosqichda yillik 2.0 mln. tonna sement ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish orqali 215,0 million AQSh dollari o‘zlashtiriladi.

Hozir hamkorlarimizning texnikalari bilan ish boshlaganmiz, – deydi “Beijing Triumph International Engineering Co., Ltd” kompaniyasi direktor o‘rinbosari Tsao Yu Bo. – Bugungi kunda O‘zbekiston hukumati kompaniyamiz tomonidan kirib keladigan texnikalarning muddat va bojxona imtiyozlarini ko‘rib chiqmoqda. Shu jarayonni oxiriga yetkazib, bu yilgi investitsiya miqdorini 55 million dollarga yetkazmoqchimiz. Andijon viloyati Buloqboshi tumani va Farg‘ona viloyati Sho‘rsuv shaharchasida olib borayotgan loyihalarni amalga oshirish natijasida sement miqdorini Farg‘ona vodiysida 4 million 200 ming tonnaga olib chiqishni rejalashtirganmiz.

Yangi sement zavodi mukammal loyihalardan bo‘lib, u ekologik jihatdan ham xalqaro talablarga to‘la javob beradi. Mazkur sement zavodi qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (o‘sha vaqtda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi)ning 2015 yil 27 noyabrda hamda 2017 yil 18 yanvarda ekologik davlat ekspertizasi xulosasi olingan bo‘lib, u atrof tabiiy muhit holatiga va fuqarolarning sog‘ligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi. Ikkinchidan, ishlab chiqarish jarayoni davomida paydo bo‘ladigan atrof-muhitga zarar yetkazuvchi chiqindilarning salbiy ta'sirini yo‘qotish maqsadida bu yerda o‘rnatilayotgan texnologiyalar eng so‘nggi rusumdagisi bo‘lib, havoga hech qanday chang chiqarmaydi, ekologiyani buzmaydi. Mazkur qo‘shma korxonaga o‘rnatilayotgan havo tozalash filtrlarini o‘ziga 12,5 million dollardan ortiq mablag‘ sarf etilayotgani ham uni ekologik jihatdan puxta loyiha ekanligini bildiradi. Ayni paytda Hukumat tomonidan zavod uchun kirib keladigan zarur texnikalar muddati va bojxona imtiyozlari muhokama qilinmoqda.

Shuningdek ushbu Xitoy kompaniyalari xamkorligida Farg‘ona viloyati Sho‘rsuv shaharchasida ham xuddi shunday zavod qurilishi belgilangan. Mazkur korxonalar ishga tushishi natijasida 4,2 mln. 200 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga erishiladi. Yangi sement zavodlarining qurilishi aholining sementga bo‘lgan talabini to‘liq qondirishga xizmat qiladi. 

Mavzuga oid