Jahon | 21:29 / 08.04.2019
8133
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy OAV O‘zbekistondagi qulayliklardan xabar bermoqda

Turistik salohiyatni oshirishga katta e'tibor qaratilayotgan hozirgi paytda chet el ommaviy axborot vositalarida  O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib etuvchi maqola va materiallar soni ko‘payib bormoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatida xabar berilishicha, bunday maqolalarda, asosan, so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi islohotlar va xorijiy davlatlar fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilganligi hamda soddalashtirilishiga urg‘u berilgan.

Jumladan, «Qo‘shma viza rejasi Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun yangi eshiklarni ochadi» nomli maqolada Qozog‘iston va O‘zbekiston sayyohlarga bir mamlakatdan boshqasiga erkin sayohat qilish imkonini beruvchi «Silk Visa»ni joriy etish rejalashtirganligi va bu reja boshqa davlatlar orasida katta qiziqish uyg‘otgani aytib o‘tilgan.

Fransiyada chop etilgan «Turizm: O‘zbekiston 45 davlat fuqarolariga vizasiz rejimni joriy qildi» deb nomlanuvchi maqolada esa, Yevropa Ittifoqi fuqarolari orasida O‘zbekistonda joriy etilgan vizasiz rejimdan fransuzlar va nemislar birinchi bo‘lib foydalanishdi, deyiladi.

BAAlik sayyohlar O‘zbekistonga kirish vizasidan ozod etilishiga oid qator maqolalarda BAA Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligining konsullik xizmati boshqarma boshlig‘i Badr Al-Avadiy shunday so‘zlari keltirilgan: «O‘zbekiston hukumatining BAA fuqarolarini kirish vizasidan ozod qilish tashabbusi Amirlik diplomatiyasining muhim yutug‘idir».

Vizasiz rejimning joriy qilinishi O‘zbekistonga xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi, albatta. FlyDubai aviakompaniyasining Dubay va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yishi esa buni yanada rag‘batlantiradi, deyiladi yana bir maqolada

Shuningdek, «O‘zbekistonda yashash qiymati» nomli maqolada sayyohlar uchun zarur barcha mahsulotlarning yurtimizdagi narxlari jadval ko‘rinishida o‘z aksini topgan.

Bu kabi maqola va xabarlar chet el fuqarolarini O‘zbekistondagi qulayliklardan xabardor qilib, ularni yurtimizga sayohat qilishga chorlaydi, deya umid qilamiz, deyiladi manbada.

Mavzuga oid