Jamiyat | 18:00 / 09.04.2019
36018
12 daqiqa o‘qiladi

G‘uzordagi shiypon-maktab mashmashasi. Direktor nega ikki xil gapirdi?

O‘tgan oylarda Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta'lim maktabi filialining abgor holati va o‘quvchilarning og‘ir sharoitda ta'lim olayotgani haqida ma'lumotlar internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.

Kun.uz tahririyatiga ham shu mazmundagi murojaat kelgandi. Tahririyat tomonidan ushbu holatni o‘rganish istagi bildirilganida, murojaatchi boshqa internet sayti masalani o‘rganganini aytgan, shu tufayli saytda bu holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borilmagan edi. Ammo murojaat Kun.uz’ning Telegram’dagi kundalik sahifasida (@KundalikUZ) e'lon qilingandi.

Bu mavzu Daryo.uz sayti muxbiri tomonidan o‘rganilgan. Mart oyida nashr qilingan «Qashqadaryoda 1972 yilda qurilgan shiypon maktabda o‘qiyotgan o‘quvchilar ilon yoki chayon chaqishidan cho‘chimoqda» sarlavhali birinchi maqolada maktab filialida ko‘p yillardan buyon ishlab kelayotgan o‘qituvchilar mavjud ahvol haqida ma'lumot berishgandi.

Filialda 12 yildan buyon ishlab kelayotgan o‘qituvchi Mo‘tabar Ravshanova shunday degan: «Sinfxonalarimizni har yili ta'til paytida o‘zimiz ta'mirlaymiz. Loysuvoq qildiramiz, ohaklaymiz. Barchasi o‘z kuchimiz va mablag‘imiz evaziga bo‘ladi. Ba'zan uydagilarga iltimos qilamiz, ba'zan esa oyligimizdan orttirib ishchi yollaymiz. Sinfxonalarimiz juda tor va noqulay. Yomg‘ir va qorli kunlarda hatto sinfxonalar ham loy bo‘lib ketadi. O‘quvchilarimiz oyog‘idan nam o‘tmasligi uchun oyog‘i tagiga taxta qo‘yib o‘tirishga majbur bo‘lishadi».

16 yildan beri filialda ishlab kelgan boshqa bir o‘qituvchi Charos Nazarova esa tuman xalq ta'limi boshqarmasidagilar vaziyatdan xabardor bo‘lishsada, o‘zgarishlar bo‘lmayotganini bildirgandi: «2003 yildan beri ushbu maktabda dars beraman. Mutasaddilar kelib ko‘rib ketishgan. Ammo o‘zgarish yo‘q. Loygarchilik paytida loyda yurib ham bo‘lmaydi. Maktabga olib keluvchi yo‘llarning abgorligini aytmasak ham bo‘ladi. Axiyri xalq pul yig‘ib qo‘ldan kelgancha maktab yoniga keluvchi ko‘chaga shag‘al to‘kdi. Lekin sinfxonalarga kirish joyi va sinfxonalarning o‘zi esa abgor holatda. Holatdan tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri (tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Risolat Eshqobilova nazarda tutilmoqda) yaxshigina xabardor».

Aprel oyi boshida esa mavzu yuzasidan ikkinchi maqola berildi, unda G‘uzordagi shiypon-maktabda o‘qiyotgan o‘quvchilar asosiy binoga ko‘chirilgani, filial uchun yangi maktab qurilishi boshlangani ma'lum qilindi.

Bu orada mavzu yuzasidan Kun.uz tahririyatiga e'tiroz yo‘llagan o‘quvchilarimiz ham bo‘ldi.

«Men aynan shu maktabda tahsil olgan sobiq o‘quvchi sifatida shuni aytmoqchimanki, maktab hozirgi o‘rta ta'limga qo‘yiladigan talablarga bemalol javob bera oladi. Siz suratlarda ko‘rgan holat sal uzoqroqda joylashgan qishloq bolalari qiynalmasligi uchun mahalla birlashib, avvalgi dala shiyponini shu holatga keltirishgan, ya'ni o‘quvchilar qishning sovuq kunlari uzoqqa borib yurmasin, deb o‘qituvchilar borib dars o‘tishgan», — deyiladi e'tirozlardan birida.

Kun.uz muxbiri vaziyatni o‘rganish maqsadida G‘uzor tumanida bo‘lib, mahalla ahli, maktab direktori va boshqa mutasaddilar bilan suhbatlashdi.

Maktab joylashgan «Mo‘minobod» mahallasi raisi N.Rahmonov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

— Mahallamizdagi maktab filiali haqida internetda tarqalgan xabarlardan xabarimiz bor. 21-umumiy o‘rta ta'lim maktabi zamon talablariga javob beradi. Faqat qish kunlari farzandlari uzoqroqdan qatnaydigan aholi o‘z tashabbuslari bilan mahalla guzarini vaqtinchalik sinfxonalarga aylantirib, sovuq kunlarda ta'lim olishini tashkil qilgan. Bu degani — butun mahalla bolalari shu sharoitda ta'lim olyapti, degani emas. Faqatgina ayrim ota-onalarning tashabbusi bo‘lgan. Xohlaganlar farzandlarini maktabga o‘zi olib borishgan.

Balkim mahallaqo‘m haqdir. Lekin bu holat kecha yoki bugun kuzatilgan emas, 16 yildan beri davom etmoqda.

Mahalladagi 21-umumta'lim maktabida bo‘lib, uni ko‘zdan kechirdik. Haqiqatan maktab zamonaviy, ta'lim olish talablariga javob beradi.

Abgor holatdagi filiali haqida maktab direktori Nigora Shernazarova shunday deydi:

— Aslida, maktabimizning hech qanday filiali yo‘q. «Mo‘minobod» qishlog‘ida 41 nafar o‘quvchi bor. Ota-onalar har yili farzandlari sovuqda maktabga qatnamasligi uchun qishloqning o‘zidagi mahalla guzarini moslashtirib, o‘sha yerda o‘qishni tashkil qilishgan. Bu holatni to‘g‘ri tushungan holda o‘qituvchilarimiz borib dars o‘tib kelishgan. Mart oyida yana maktabimizning o‘zida ta'limni davom ettirishgan.

To‘g‘risi, masalani internetga noxolis olib chiqishdi. Bizning maktabda filial yo‘q. Ko‘rib turganingiz abgor holatdagi mahalla guzari binosi maktab filiali emas. Ota-onalarning iltimosi va tashabbuslari bilan shu yerda vaqtincha o‘qish tashkil etilgan.

Qolaversa, shu yerning o‘zida maktab filiali qurilishi rejalashtirilgan. Ammo tuman hokimligi va qishloq aholisining maslahatlashuvi bilan boshqa joy tanlandi. Bu qog‘ozda qolib ketgan, deya berilgan xulosa ham noto‘g‘ri, — dedi maktab direktori biz bilan suhbatda.

Qiziq vaziyat yuzaga kelyapti: Maktab direktori Nigora Shernazarova Kun.uz muxbiriga «hech qanday filial yo‘q va bo‘lmagan, endi quriladi», deyapti. Lekin o‘qituvchilar borib dars o‘tishgan. 16 yil davomida. Bu filial bo‘lmasdan nima edi unda?

Holbuki Shernazarova mart oyida Daryo.uz muxbiriga bergan intervyusida «filialda 41 nafar o‘quvchi tahsil olishi, 2018 yilning 28 mart kuni G‘uzor tumanining sobiq hokimi O.Boymirov 21-maktab filiali binosini qayta rekonstruksiya qilish haqida qaror chiqargani» haqida aytib, yaqin vaqt ichida ishlar boshlanishini (hokim qarori chiqqanidan bir yil vaqt o‘tib) ma'lum qilgandi.

Foto: Nigora Shernazarova / Daryo

Shernazarovaning 5 aprel kuni aytgan gaplariga e'tibor bering:

«O‘quvchilar asosiy bino va filial o‘rtasidagi 2–3 kilometrlik masofadan kelib ketishda qiynalib qolmasliklari uchun avtobus ham ajratib berildi. Filial uchun hududdan 120 o‘rinli yangi maktab qurilishi boshlandi».

Nigora Shernazarovaga ko‘ra, «1,018 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilishi boshlangan yangi maktab binosida sport zali va bolalar maydonchasi ham bo‘ladi».

Boyagi abgor binoga «Mo‘minobod» mahalla guzari degan yozuvlar tushirilgan yap-yangi peshlavha ham ilib qo‘yilibdi. Holbuki, hamkasblarimiz tomonidan tayyorlangan ilk materiallarda u yo‘q edi.

G‘uzor tuman prokurori, 2-sektor rahbari Begzod Suyunov ham mazkur masalada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

— Mana shu mahalla guzari o‘rnida 21-umumiy o‘rta ta'lim maktabining filiali uchun yangi bino tumanning 2019 yil investitsiya dasturiga muvofiq qurilishi rejalashtirilgan edi. Ammo qurilish ishlari boshlanayotganda qishloq aholisidan e'tiroz bo‘ldi. Keldik, suhbatlashdik, ularning e'tirozlarini tingladik, nuroniy otaxonlar bilan maslahatlashdik. Ularning aytishicha, filial binosiga bu yer torlik qilar ekan. Sport maydonlariga joy bo‘lmaydi. Albatta, qishloq aholisining e'tirozlarini inobatga olib, tuman hokimiga taklif kiritdik. Shundan keyin maktab filiali binosini qurish uchun boshqa yer tanlandi. Aholiga ham bu joy ma'qul bo‘ldi.

Mahalla guzarida esa faqat sovuq kunlarda ota-onalar iltimosi bilan farzandlariga dars o‘tilgan. Shaxsan o‘zim kelib bu joyni yoptirib tashlagan paytlarim bo‘lgan, — deydi tuman prokurori.

Ma'lum bo‘lishicha, filial uchun boshqa yer tanlangani bois, 2019 yil 6 mart kuni 21-umumiy o‘rta ta'lim maktabining filiali uchun 80 o‘rinli zamonaviy bino qurish uchun «Mo‘minobod» qishlog‘idan yer ajratish haqida G‘uzor tuman hokimi S.Boboqulovning X-983/03-sonli qarori qabul qilingan. Ayni vaqtda qurilish ishlari boshlanish arafasida.

Bu masala yuzasidan qishloq aholisi bilan ham suhbatlashdik.

«Farzandlarimiz sovuq kunlari bir-ikki kilometrga qatnamasligi uchun bir necha yillardan beri shu mahalla guzarini ta'mirlab, vaqtincha maktabga aylantiramiz. Kunlar isishi bilan yana asosiy maktabga qatnay boshlaydi. Bu tashabbusning boshida hamisha o‘zim turganman. Qishloq odamlari bilan doim maslahatlashganmiz. Bu mahalla guzarining o‘rnida filial qurish rejalashtirilgan vaqtida rahbarlar va qishloq aholisi birga maslahatlashib, filial binosi boshqa joyda qurilishiga kelishdik», — deydi mahalla faoli Amir ota Mahmudov.

Qishloq aholisining boshqa faollaridan ham asosan shu mazmundagi fikrlarni eshitdik.

G‘uzor tuman XTB mudiri o‘rinbosari Shokir Pardayevga ko‘ra, maqola e'lon qilingach, tuman xalq ta'limi bo‘limi xodimlari filialda bo‘lishib, holatni o‘rganishgan. Filialdagi ahvol juda yomonligi tasdiqlanib, u yerda tahsil oluvchi 41 nafar o‘quvchi 21-maktabning asosiy binosiga ko‘chirilgan.

Foto: Shokir Pardayev / Daryo

Ayni vaqtda maktab filiali uchun yangi zamonaviy bino qurilish ishlari boshlanmoqda. Yangi o‘quv yilida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

TAHRIRIYaTDAN: Abgor holatdagi binoda o‘quvchilar 16 yildan buyon o‘qitib kelingani — fakt. Qanday sabablar va maqsadlarda ekanligidan qat'i nazar.

Muammo dunyo yuzini ko‘rgach, mutasaddilar abgor binoga «Mo‘minobod» mahalla guzari, degan peshlavha osib qo‘yib, «filial hech qachon bo‘lmagan», deya o‘zlarini oqlashga harakat qilishmoqda.

Aslida esa mutasaddilar maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalarini qiynayotgan masalaga panja orasidan qarab kelgan, masala ochilgach mutasaddilar vaziyatni yoritgan jurnalistni noxolislikda ayblashga o‘tishibdi (Taxmin qilish qiyin emas, dastlabki maqolada intervyu bergan o‘qituvchilar va boshqa insonlarning boshida ham kaltaklar singan).

Ammo, jurnalist aybdor emas. U doimo o‘zi ko‘rganini yozadi. Bu mutasaddilarga yoqish-yoqmasligi, yozgani ularning manfaatlariga to‘g‘ri kelish-kelmasligi boshqa masala. 

Mavzuga oid