Jahon | 16:10 / 09.04.2019
29394
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev yaqin qo‘shnilar bilan aloqalar endi qanday bo‘lishi kerakligini aytdi

Foto: akorda.kz

9 aprel kuni Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Beybut Atamqulovni qabul qildi, deb xabar bermoqda mamlakat birinchi prezidenti matbuot xizmati. Nazarboyevning uchrashuv davomida ta'kidlashicha, birinchi navbatda yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarga e'tibor qaratish kerak.

«Ular ishonchli bo‘lib qolishi kerak», - dedi Nazarboyev.

Birinchi prezidentga hozirgi faoliyat va vazirlik ishi bo‘yicha bo‘lajak rejalar haqida ma'lumot berilgan.

Nazarboyev Qozog‘istonning strategik sheriklari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ko‘p tomonlama chora-tadbirlarni amalga oshirish va tashqi siyosiy yo‘nalishning uzluksizligini ta'minlash muhim ekanini aytgan.

- Qozog‘istonda juda jiddiy siyosiy o‘zgarishlar yuz berdi. Biz butun dunyoga Konstitutsiya doirasida harakat qilib, hokimiyat tinch yo‘l bilan o‘tishini ta'minlab berayotganimizni ko‘rsatdik. Ushbu tadbir har bir kishi uchun muhim ahamiyatga ega. Hozir eng muhimi - ilgari ishlab chiqilgan tashqi siyosatning o‘zgarmasligi. Avvalo, yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarga e'tibor qaratish lozim. Ular ishonchli bo‘lib qolishi kerak, - dedi N.Nazarboyev.

Qozog‘iston birinchi prezidenti bo‘lajak xorijiy safarlar va xalqaro tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligini bildirdi.

- Ayni paytda quyidagi masalalarga e'tibor qaratish lozim. Birinchidan, Janubiy Koreya prezidentining Qozog‘istonga tashrifi. Ikkinchidan, Xitoy Xalq Respublikasiga «Bir kamar, bir yo‘l» forumida ishtirok etish uchun safar qilish. Shuningdek, besh yilligini poytaxtimizda nishonlaydigan YeOII yubiley sammitiga munosib tayyorgarlik ko‘rishni ta'minlash lozim, - dedi Nursulton Nazarboyev.

Bundan oldin, Darig‘a Nazarboyeva Qozog‘iston prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ymasligi xabar qilingandi.

Mavzuga oid