O‘zbekiston | 23:56 / 16.04.2019
12580
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tarixida birinchi marta Gender komissiya tuzildi

Yaqin kunlarda O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqini himoyalashga doir ikki yangi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yiladi. Shu bilan birga, mamlakat tarixida ilk marta Gender komissiya tuzildi. Kun.uz muxbiri 16 aprel kuni Osiyo taraqqiyot banki va Xotin-qizlar qo‘mitasining gender tenglik masalalariga bag‘ishlangan seminarida olingan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

"O‘zbekistonda bir yil ichida Xotin-qizlar bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga doir Prezident va Vazirlar Mahkamasining 15 farmon hamda qarori imzolandi. Bunga parallel ravishda qonunchilikda ham bu yo‘nalishda o‘zgarishlar kiritilmoqda. Yaqin kunlarda xotin-qizlarning teng huquqliligi hamda ularga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitilish holatlariga qarshi kurashishga oid ikki qonun loyihasi muhokamaga qo‘yiladi va jamoatchilikning unga munosabati o‘rganiladi", - deya ma'lum qildi Bosh vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘pligi, ulardan biri gender ekspertiza ekanligini ta'kidladi, O‘zbekiston hozir xalqaro tashkilotlar va institutlar ko‘magida gender ekspertiza o‘tkazishni o‘rganayotganini qayd etdi.

"O‘zbekiston tarixida birinchi marta gender komissiya tuzildi. Oliy Majlis Senati raisi komissiya raisi hisoblanadi, men esa uning o‘rinbosari hisoblanaman. Ushbu komissiya shu yilning o‘zida Gender tenglik konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi. Ilgari bizda bu kabi konsepsiyalar, bunday tushunchalar yo‘q edi. Shu bois gender ekspertiza bilan bog‘liq ma'lumotlarni ushbu konsepsiyaga kiritamiz", - dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

Shu o‘rinda Gender tenglik konsepsiyasini ishlab chiqishda OTB ko‘magiga umid bildirildi.

Tanzila Norboyeva OTB rahbariyatiga 2000 yildan buyon O‘zbekistondagi tashkilotlarga faol yordam berib kelayotgani, jumladan, doimiy ravishda gender statistikani taqdim etish, turli seminarlarni o‘tkazishdagi ko‘magi va boshqalar uchun minnatdorchilik bildirdi. Bularning bari OTBning xalqaro tajribadan kelib chiqib, O‘zbekistonda bildirgan tashabbusi natijasida amalga oshirilganligiga e'tibor qaratildi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidentining Xotin-qizlar mehnat huquqiga oid hujjatni imzolagani, unga muvofiq barcha sohalarda gender statistika joriy qilinishi qayd etildi. Bundan tashqari, turli sohalar budjeti ishlab chiqilayotgani, gender yondashuv mexanizmi joriy qilinishi kerakligi qo‘shimcha qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari shuningdek O‘zbekiston Prezidentining 8 mart bayramidagi tabrigida Xotin-qizlarga bildirgan tilaklarini yetkazdi:

"Parlament va boshqa saylov organlarida faoliyat yurituvchi xotin-qizlarning ulushi 50 foizdan kam bo‘lmasligi kerak". 

Norboyevayening ta'kidlashicha, bugunga kelib 6 ming nafar ayol ushbu siyosiy jarayonda ishtirok etish uchun tanlab olingan. Ularning salohiyatini oshirishga doir katta ishlar olib borilmoqda.

"Bu ayollar tajriba orttiradi, omma oldida o‘zini tutish, notiqlik san'ati va faollikka o‘rgatiladi. Biz ularning faoliyatiga yordam beramiz, saralash jarayonlaridan oxirigacha o‘ta olmaganlar esa muayyan sohalardagi pozitsiyalarga tavsiya etiladi", - deydi u.

Mavzuga oid