Nega qonunlar xorijiy tilga o‘girilmaydi?
Har qanday investor mamlakat qonunchiligi, sud-huquq tizimi va iqtisodiy barqarorlik shartlari bilan yaxshi tanishib chiqqach, biron maqsadni ko‘zlab, sarmoya kiritadi. O‘zbekistonda bu shartlarni amalga oshirish imkoniyati bormi? Investorlarga O‘zbekiston qonunchiligini yaxshi o‘rganish, mavjud vaziyatdan boxabar bo‘lishi uchun ko‘ngildagidek imkoniyat yaratib berilganmi?
Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligining Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakatga investorlarning 55 foizi ingliz tilida so‘zlashadigan davlatlardan tashrif buyurgan. Bularning ichida Xitoy, Koreya, Yaponiya kabi davlatlar ham mavjud. Ular bilan ham muzokaralar aynan ingliz tilida olib boriladi. Sarmoyadorlarning 8-10 foizi turkiy til, 20 foizi esa rus tilida so‘zlasha oladi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi (Lex.uz veb-sayti)da normativ-huquqiy hujjatlar joylashtirilgan bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslaring undan foydalanishi ta'minlangan. Mazkur veb-saytning Ars in English bo‘limida ayrim qonun hujjatlarining ingliz tilidagi matnlari ham mavjud.
Adliya vazirligi matbuot xizmatining ma'lumotiga ko‘ra, qonun hujjatlarini boshqa tillarga tarjima qilish masalasi juda uzoq davom etadigan jarayon bo‘lganligi bois, Lex.uz veb-sayti qoshida tashkil etilgan maxsus tarjimonlar guruhi bu bilan doimiy ravishda shug‘ullanib kelishmoqda.
«Qachon va qanday qonunlar, qarorlar boshqa tilga tarjima qilingan bo‘lsa, saytga kechiktirmay qo‘yib boriladi. Hozirda mavjud qonunlar uch xil tilda saytga joylashtirilgan», — deydi vazirlik matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva.
Kodekslar esa o‘zgaruvchan va qonunlarning jamlanmasi hisoblangani uchun biror bir qonunga o‘zgartirish kiritilganidan so‘ng, ular yig‘iladi. Lekin O‘zbekistonda Investitsiya kodeksi haligacha qabul qilinmagan. 2017 yilda kodeks loyihasi ishlab chiqilishi aytilgan bo‘lsa-da, kodeks o‘rniga «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. U esa ingliz tiliga ham tarjima qilinganiga qaramay, Soliq va Bojxona kodekslari, mamlakatning sud-huquq tizimi haqida batafsil ma'lumot beruvchi qonunchilik bazasi ingliz tilida mavjud emas.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Haydarali Yunusovning fikrlariga ko‘ra, kodekslar – muayyan turdagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni o‘zida mujassamlashtirgan qonunchilik hujjatlarining tizimlashtirilgan holda yaxlit bitta normativ hujjatdagi ko‘rinishidir.
«Kodekslar u yoki bu mamlakatda muayyan sohadagi huquqiy tartibot yoki holatning to‘laqonli manzarasini chizib beradi hamda huquq sub'yektlariga turli huquqiy munosabatlar kesishmasida muqobil yechimlarni bir joyga jamlagan holda taqdim etadi. Kodekslarning yana boshqa bir qator afzalliklari mavjud, ammo shu bilan birga ularning salbiy jihatlari ham inkor etilmaydi. Kodekslashtirilgan yuridik normalar muayyan qat'iy mezonlar asosida tizimlashtirilgani bois, o‘zining moslashuvchanligi va qayishqoqligi (elastikligi)ni yo‘qotadi. Yuridik ta'limdan yiroq oddiy kishilar kodeksning minglab moddalari girdobida «yo‘qolib» qoladi. Yirik hajmdagi «og‘irlashib» ketgan kodekslardan ko‘ra zarurat taqozo etayotgan ixcham qonunlarni o‘qish odamlar uchun qulayroqdir», — deya ta'kidlaydi u.
Yuunusovning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda amal qilayotgan (16 ta) kodekslarning ingliz tilidagi tarjimasining yo‘qligi, albatta, xorijiy tadbirkor va sarmoyadorlarga katta qiyinchilik tug‘diradi. Bu faqat kodekslargagina emas, balki O‘zbekiston iqtisodi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga ham birdek taalluqli masala.
«Investitsiyalar, turizm, raqobat, savdo va, umuman, tashqi iqtisodiy faoliyatga oid qonunlar birinchi galda ingliz tiliga tarjima qilinishi ayni muddao. Chunki, investitsiyalar sohasini olib qarasak, sarmoyaning boshqa moliyaviy oqavalardan farqi shundaki, har qanday investitsion faoliyat tavakkalchilik, ya'ni ehtimoliy moliyaviy yo‘qotish xavfi ostida amalga oshiriladi. Qonunchilik hujjatlarida sarmoyalarning xavflardan qanchalik himoyalangani va sarmoyadorning manfaatlari qanday huquqiy himoya qobig‘i bilan muhofazalanganini bilish sarmoyador uchun juda ham muhim. Qonunchilikdagi himoya kafolatlari va, albatta, taqdim etilayotgan imtiyozlar sarmoyadorga uning o‘zi tushunadigan tilda yetkazilishi lozim. Mavhumlik – sarmoya uchun eng katta to‘siq, qonunchilikdagi mavhumlik esa sarmoyadorning tavakkalchilikning ehtimoliy natijalari haqidagi salbiy tasavvurlarini yanada bo‘rttirib yuboradi. Qonunlarimizning ingliz tilidagi tarjimasi nafaqat sarmoya kiritayotgan tadbirkorlarni huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda rag‘batlantirish sohasidagi shaffoflikni ta'minlashga, balki hali «uxlab yotgan» sarmoyadorlarning qiziqishlarini uyg‘otishga ham xizmat qilishi tabiiy», — deydi u.
Xorijiy sheriklar uchun ustuvor qonunchilik hujjatlarini, jumladan, kodekslarning ingliz tilidagi tarjimalarini ta'minlab berish, albatta, jozibador tashabbus. Bu shunchaki, xorijlik sarmoyadorning ma'lumotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishgina emas, balki shu bilan birga globallashuv sharoitida O‘zbekistonning xalqaro huquqiy makonga samarali integratsiyalashuvi omili hamdir. Biroq, bu juda katta mehnat va tizimli yondashuvni talab etadi.
«Boshqa adabiyotlardan farqli o‘laroq, qonunchilik hujjatlarini onlayn yoki maxsus elektron tarjima dasturlar orqali amalga oshirib bo‘lmaydi. Qonun hujjatlaridagi har bir huquqiy atamani to‘g‘ri tarjima qilinishi uning to‘g‘ri talqin etilishiga zamin yaratadi. Afsuski, hozirgi kundagi nizolarning aksariyati qonun hujjatlari yoki shartnoma bandlari normalarini noto‘g‘ri tushunish va talqin etishdan kelib chiqadi. Shu bois, qonunchilik hujjatlarini bosqichma-bosqich ingliz tilida ommalashtirish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Avvaliga ustuvor sohalardagi qonunlar, keyin esa asta-sekinlik bilan orttirilgan tajribalar asosida kodekslarning biznes va texnologiyalar tili – ingliz lahjasiga o‘girilishi to‘g‘riroqdir», —deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti .
Yuunusovning qayd etishicha, kodekslarni ingliz tiliga tarjimasi qilish sohasida hammabop andoza bo‘lib xizmat qiladigan tajriba mavjud emas. Hindiston, Pokiston, Malayziya, Indoneziya, Janubiy Koreya va ilg‘or arab davlatlarida tarixiy sharoit tufayli qonunchilik texnikasi ingliz tilida rivojlanib borgan. Markaziy va Sharqiy Yevropaning sobiq sotsialistik davlatlari Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagida o‘z qonunchilik hujjatlarini ingliz tiliga o‘girib, shu tariqa o‘zlarining milliy huquqiy tizimlarini Yevropa standartlariga moslashtirib borishdi.
Yevropa Ittifoqining e'tiborga loyiq ijobiy tajribasi shundaki, uning doirasida qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari bir nechta tilda taqdim etiladi. Tadbirkor yoki istalgan huquq sub'yekti o‘zi uchun qulay tildagi matndan foydalanish imkoniyatiga ega.
Manzura Sayfiddinova
Mavzuga oid
14:55
Raqamli dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi
11:50 / 20.11.2024
Prezident: 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin
17:35 / 18.11.2024
O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
09:59 / 13.11.2024