Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda sanoat faoliyatini tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilinadi
O‘zbekistonda sanoat faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish, sanoat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, sanoat sub’yektlarining huquq va majburiyatlarini aniqlash hamda sanoatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan yangi «Sanoat to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinadi. Hujjatda sanoatni raqamlashtirish, «yashil» texnologiyalarni joriy etish va eksportbop sanoatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Qonunda sanoat faoliyatining maqsadi va amal qilish sohasi belgilab berilib, u O‘zbekiston hududida sanoat faoliyatini amalga oshirayotgan barcha sub’yektlarga — korxonalar, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shu jumladan xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan. Sanoat, sanoat infratuzilmasi, sanoat klasteri, «yashil» sanoat, raqamli transformatsiya, eksportga yo‘naltirilganlik kabi asosiy tushunchalarga huquqiy ta’rif beriladi.
Hujjatga ko‘ra, sanoat faoliyati tadbirkorlik va innovatsion faoliyat sifatida iqtisodiyot tarmoqlari uchun xomashyo, butlovchi qismlar, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan faoliyat deb e’tirof etiladi. Shu bilan birga, qonun sanitariya, ekologik, sanoat xavfsizligi, milliy xavfsizlik va xalqaro majburiyatlarga zid bo‘lgan qator faoliyat turlarini — ommaviy qirg‘in qurollari ishlab chiqarish, kontrabanda va kontrafakt mahsulotlar, noqonuniy qazib olingan resurslardan foydalanish kabi yo‘nalishlarni qat’iy taqiqlaydi.
Sanoat sub’yektlarining huquq va majburiyatlari alohida moddalarda belgilab qo‘yilgan. Jumladan, ular sanoat faoliyati turini erkin tanlash, shartnomalar tuzish, milliy va xorijiy valutada olingan daromaddan soliqlar to‘langanidan so‘ng erkin foydalanish, davlat infratuzilmasidan belgilangan tartibda foydalanish, qonunga xilof qarorlar natijasida yetkazilgan zarar uchun tovon olish huquqiga ega. Shu bilan birga, soliq va majburiy to‘lovlarni to‘lash, mehnat va texnika xavfsizligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish vazifalari yuklanadi.
Qonun sanoat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ham belgilaydi: eksportga yo‘naltirilgan sanoatni rivojlantirish, sanoat infratuzilmasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, innovatsiya va ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, «yashil» sanoat va barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish, hududiy sanoatni rivojlantirish va sanoatda raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish shular jumlasidan.
Sanoat sub’yektlarini rag‘batlantirish doirasida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari, sanoatni rivojlantirish davlat va nodavlat jamg‘armalari orqali kredit va grantlar ajratish, sanoat hududlarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash kabi mexanizmlar nazarda tutilgan. Shuningdek, ichki bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va tashqi bozorlarga chiqishda eksport faoliyatini rag‘batlantirish choralari ham belgilanadi.
Qonunda sanoat faoliyatida raqamli texnologiyalar — Sanoat 4.0 elementlari, «aqlli fabrikalar», internet-buyumlar, sensorli monitoring va sun’iy intellektdan foydalanishni rag‘batlantirish, «yashil» texnologiyalar va ESG (ekologik, ijtimoiy, boshqaruv) ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobot yuritish tartibini joriy etish ham nazarda tutilgan.
Yangi «Sanoat to‘g‘risida»gi qonun rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng uch oy o‘tgach kuchga kiradi va unga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi hamda davlat organlari o‘z me’yoriy-huquqiy hujjatlarini yangi qonun talablariga moslashtirishi lozim bo‘ladi.
Mavzuga oid
13:52 / 02.06.2026
«Navoiyazot» huzurida 1 mlrd dollarlik yangi kimyo loyihalari amalga oshiriladi
19:05 / 26.04.2026
Soliq va tadbirkorlik sohasidagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi
08:53 / 22.04.2026
MChJ faoliyatiga oid yangi tahrirdagi qonun kuchga kiradi
09:19 / 08.04.2026