O‘zbekiston | 09:20 / 24.04.2019
22113
3 daqiqa o‘qiladi

«Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi rahbari lavozimi tugatildi

Foto: O‘zA

Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi telegram kanali xabar bermoqda.

Qaror bilan profilaktika (katta) inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi davlat xizmatchilariga mansub bo‘lgan boshqa xizmatchilar ro‘yxatiga kiritildi.

Prezident qarori bilan “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari lavozimi tugatilib uning o‘rniga profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari lavozimlari joriy etilishi munosabati bilan Hukumat qarorlariga ham o‘zgartirishlar kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining quyidagi takliflari ma'qullangandi:

“Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmalari rahbarlari lavozimlarini tugatib, ularga ish haqi to‘lash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning amaldagi mexanizmlarini saqlab qolgan holda, bo‘shayotgan shtat birliklari hisobidan profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari lavozimlarini joriy etish hamda ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida ichki ishlar organlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun shaxsiy javobgarlikni yuklash;

biriktirilgan hududda jinoyatlar darajasi pasaygan, ularni oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlari o‘z vaqtida ko‘rilgan hollarda bir vaqtning o‘zida fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari, profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari hamda «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasining alohida o‘rnak ko‘rsatgan a'zolariga mehnatga haq to‘lash fondining (pul ta'minotining) 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda (o‘rnatilgan va to‘lanayotgan qo‘shimcha haq va ustamalardan qat'i nazar) va boshqa pul mukofotlari bilan taqdirlash tartibini joriy etish.

Mavzuga oid