Jamiyat | 14:40 / 25.04.2019
1925
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligining Advice.uz huquqiy portali rasman ish boshladi

Adliya vazirligining huquqiy maslahat berishga mo‘ljallangan advice.uz portali rasman ish boshladi. Bu haqida Tashkent Law Spring xalqaro yuridik forumining ochilish marosimida ma'lum qilindi.

Mazkur portal 2019 yil 9 yanvardagi «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident Farmoniga asosan ishga tushirilgan bo‘lib, fuqarolarga onlayn yuridik maslahat berishni maqsad qiladi.

Advice.uz loyihasi Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Britaniyaning Citizens Advice tarmog‘i tajribalaridan foydalangan holda yo‘lga qo‘yildi.

«Advice.uz qiyin huquqiy iboralar asosida emas, balki keng aholi uchun tushunarli bo‘lgan tilda yaratildi. Portalning asosiy kontenti rus va o‘zbek tillarida, shuningdek, xorijliklar uchun 8ta chet tilida ham ma'lumotlar mavjud. Huquqiy yo‘nalishlarni belgilashda Prezident portaliga kelib tushgan asosiy murojaatlarning mazmunidan kelib chiqdik. Loyiha Citizens Advice kabi muvaffaqiyat qozonishiga ishonaman», deydi Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Kristofer Allan.

Portalda quyidagi huquqiy masalalar bo‘yicha ma'lumot olish mumkin:

  • mehnat qonunchiligi;
  • chet elda ishlash tartibi — migratsiya;
  • pasport tizimi;
  • oila munosabatlari;
  • uy-joy, kommunal xo‘jalik;
  • fuqarolar tadbirkorligi;
  • ijtimoiy himoya masalalari;
  • sog‘liqni saqlash;
  • bank, soliq masalalari;
  • transport sohasidagi qonunchilik;
  • davlat xizmatlari;
  • iste'molchilar huquqlarini himoya qilish;
  • ta'lim qonunchiligi;
  • sud-huquq masalalari, huquqiy himoya;
  • majburiy ijro byurosi, nizolarni hal qilish;
  • harbiy xizmat.

Bundan tashqari, maxsus onlayn-maslahatchi xizmati orqali ham huquqiy masalalarga yechim topish imkoniyati mavjud.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid