Jahon | 08:33 / 29.04.2019
68914
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenkoning Xitoydagi sammitni barvaqt tark etishining sababi ma'lum qilindi 

Foto: belsat.eu

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Xitoyda o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” sammitini Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bog‘liq mojarodan keyin barvaqt tark etdi. Bu haqda rossiyalik jurnalist va teleboshlovchi Sergey Dorenko o‘z Telegram-kanalida ma'lum qilgan.

Jurnalistning aytishicha, Belarus yetakchisi 27 aprelga belgilangan barcha tadbirlarni o‘tkazib yuborgan. U rasmiy uchrashuvlar tugashini kutib o‘tirmay, Pekindan jo‘nab ketgan.

“Ko‘rinishicha, Lukashenko samolyoti muddatdan avval Minskka uchib ketgan. Uning o‘zini bunday tutishida Putinga araz sabab. Putin u bilan uchrashuvdan o‘zini olib qochdi”, deb aytgan Dorenko. Biroq u Rossiya prezidenti nima uchun uchrashishni istamaganiga aniqlik kiritmagan. 

Lukashenkoning sammitning 27 apreldagi birinchi yig‘ilishini o‘tkazib yuborganiga Kreml jurnalisti Dmitriy Smirnov e'tibor qaratgan. U yig‘ilishda Lukashenko o‘rniga Belarus vakili sifatida boshqa amaldor ishtirok etgan videoyozuvni e'lon qilgan.

Lukashenko samolyotining harakatlanishi haqidagi ma'lumotni PlaneFinder saytida ko‘rish mumkin. “U yerda haqiqatan ham EW-001PB samolyoti 26 aprel kechasi Minskka uchib ketgani ko‘rsatilgan”, deb aytilgan xabarda.

Ikkinchi “Bir makon, bir yo‘l” sammiti 25-27 aprel kunlari Pekinda bo‘lib o‘tdi. Unda 37 ta davlat prezidenti va bosh vazirlari, jumladan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Mavzuga oid