«13 may». Andijonning 14 yillik hasrati
«13 may» voqealariga 14 yil to‘ldi. So‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan (ifoda ham etilmagan) xunrezlik ortidan (rasman) 187 nafar kishi halok bo‘lgan, ular orasida norasida go‘daklar va ayollar bor edi. Bu voqealardan keyin 500dan ortiq andijonlik muhojirlikda yashashga mahkum bo‘ldi va ularning aksari vatanga qayta olmadi.
2005 yilning aprel oyi davomida Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sud binosi qarshisida tizilib turgan olomon nimadandir hadikda edi. Har kuni ishga qatnaganday, ko‘chada turnaqator tizilib turgan ayol, erkak va o‘smirlar bino ichida sud qilinayotgan 23 nafar yaqinlarining taqdiridan xavotirda edi.
«Akromiylar» oqimiga a'zo sifatida ko‘rilgan jinoyatchilar ustidan sud qarori chiqishi arafasida ushbu masala xalqaro hamjamiyat e'tiborini ham tortdi. Xorijiy nashrlar muxbirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari Andijonga serqatnov bo‘lib qolgandi. Kutilmaganda sudlanuvchilar bilan aloqador bo‘lgan bir guruh shaxslar harbiy qismga hujum qilib, qurollanishdi. Ular shahar qamoqxonasini ishg‘ol etib, u yerda saqlanayotgan mahbuslar, xususan sheriklarini ham ozod etishdi.
13 may kuni tongda isyonchilar birin-ketin mahalliy ma'muriy idoralar, jumladan viloyat hokimligi binosini egallab, asosiy maydonga odam yig‘a boshlashadi. Tushdan so‘ng maydonda qurollangan isyonchilar va harbiylar o‘rtasida otishma yuzaga keladi. Ushbu qonli to‘qnashuvdan ko‘p vaqt o‘tmasdan 540 nafarga yaqin kishi qo‘shni Qirg‘izistonga, u yerdan Ruminiyaga jo‘nab ketishadi. Dunyoning turli davlatlari ularni muhojirlar sifatida qabul qilib, boshpana beradi.
Bu voqea o‘sha yilning sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergov surishtiruv natijalaridan keyingi hisobotda «O‘zbekiston mustaqil siyosati, uning milliy manfaatlarini, konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darish va islomiy davlat barpo etishga qaratilgan, geosiyosiy manfaatlarga to‘liq mos keluvchi puxta o‘ylangan va rejalashtirilgan harakat» deya baholangandi.
Hozir aytish mumkinki, «13 may» voqealarining juda ko‘p tushunarsiz nuqtalari mavjud: isyonga tayyorgarlik Andijon shahrining o‘zida boshlangan bo‘lib, 10 may kuni huquq-tartibot organlari va pistirmada turgan guruh o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ladi. Viloyat rahbarlari to‘qnashuvdan xabar topsa-da, jarohatlangan ichki ishlar xodimining so‘zlariga parvo qilmay, vaqtni o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, isyonchilar rahnamolaridan biri Bahrom Shokirov 12 may kuni kechasi Qirg‘izistonga ketib qolgan. Go‘yo, har ikki taraf ham katta to‘qnashuvni kutganday tasavvur paydo bo‘ladi.
Rasmiy hisobotlarda yozilishicha, «terrorchilik harakati natijasida 187 kishi halok bo‘lgan, shulardan 60 nafari tinch aholi vakillari, ularning ichida ikki nafar voyaga yetmagan bola va bir ayol bor edi. Terrorchilar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 31 nafar vakilini o‘ldirishgan. 287 kishi, jumladan, 91 nafar tinch aholi vakillari, 49 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va 59 nafar harbiy turli darajadagi tan jarohatlari olishgan.
Terrorchilarga qarshi chora-tadbirlar vaqtida esa 94 nafar terrorchi yo‘q qilingan, 76 nafari yaralangan.
Hamon bir qancha savollar ochiq qolmoqda: To‘s-to‘polonlar vaqtida halok bo‘lganlarning soni aslida qancha bo‘lgandi? Qurolli to‘qnashuvlar vaqtida maydonga to‘plangan, hali hech narsadan xabari bo‘lmagan tinch aholi vakillarining qurbon bo‘lishidan qochib qutulishning imkoni bo‘lmaganmidi? Taloto‘plar ortidan boshlangan qama-qama ishlariga qayta nazar tashlash lozim emasmi?
Alisher Ro‘zioxunov