Jahon | 08:20 / 13.05.2019
6888
2 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lankada zo‘ravonliklar avj olayotgani sababli ijtimoiy tarmoqlar bloklandi

Foto: pixabay.com/LoboStudioHamburg

Shri-Lanka hukumati mamlakatda 21 aprelda sodir etilgan teraktlardan keyin zo‘ravonlik avj olayotgani sababli ijtimoiy tarmoqlarni, jumladan Facebook va WhatsApp’ni vaqtinchalik bloklashga qaror qildi.

Reuters axborot agentligining guvohlarga iqtibos keltirgan holda xabar berishicha, 12 may kuni orolning g‘arbidagi Chilau shahrida bir necha o‘n kishi Facebook’da yuz bergan bahsdan keyin masjidlar va musulmonlarga tegishli do‘konlarni toshbo‘ron qilgan. 

Mahalliy OAV ham shahar atrofidagi hududlarda 13 mayga o‘tar kechasi bir nechta ko‘ngilsiz voqea yuz berganini ma'lum qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarga avval kiritilgan taqiq oroldagi portlashlardan keyin 10 kun – 21 apreldan 30 aprelgacha amal qilgandi. 

Orolda 21 aprelda katolik va protestantlar tomonidan Pasxa bayrami nishonlanishi vaqtida mamlakat tarixidagi eng yirik teraktlar sodir etildi. Mamlakat poytaxti Kolombo, Negombo va Battikaloa shaharlaridagi katolik cherkovlar va mehmonxonalarda 8 ta portlash sodir etilgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, teraktlar oqibatida 250 ga yaqin odam halok bo‘lgan.

Hukumatning fikricha, hujumlar ortida “Jam'at at-Tavhid al-Vataniya” guruhi turibdi. Ayni vaqtda teraktlarga aloqadorlikda gumon qilingan 100 dan ko‘proq odam hibsga olingan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid