O‘zbekiston | 08:55 / 21.05.2019
90310
5 daqiqa o‘qiladi

KGB O‘zbekistonga qarshi: tarixchi «paxta ishi»ning yashirin sabablarini ma'lum qildi

Rossiyalik tarixchi, maxsus xizmatlar va SSSR tarixi bo‘yicha o‘nlab kitoblar muallifi Aleksandr Kolpakidi O‘zbekiston SSR va uning rahbari Sharof Rashidovning sovetlar siyosatidagi islom vektorida tutgan o‘rni hamda «paxta ishi»ning haqiqiy sabablari haqida gapirdi.

SSSRda paxta «oq oltin» deb atalgan. Moskva ishlab chiqaruvchi respublikalardan uni past narxlarda sotib olgan va jahon narxlarida eksport qilgan. Olingan valuta mablag‘lari, xuddi neftdollarlar va tabiiy resurslardan boshqa daromadlar kabi, qurollanish poygasiga sarflangan.

Qiyin iqtisodiy vaziyat tufayli Kreml paxta yetishtirishni doimiy ravishda oshirish haqida talab qo‘ygan. Belgilangan majburiyatlarni bajarish imkonsizligi qo‘shib yozishga sabab bo‘ldi. SSSRda qo‘shib yozish amaliyoti keng tarqalgan bo‘lib, deyarli barcha hududlarda kuzatilgan. KGB ham bu narsani yaxshi bilgan, biroq, tarixchining so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurash, deb atalgan kampaniya hammani ham qamrab olmadi.

«Biz tushunamiz - qo‘shib yozish, hiyla-nayranglar, poralar. Lekin savol tug‘iladi: bu korrupsiyaga eng botgan respublika edimi yoki yo‘q. Hozir istalgan odam shunday deydi: yo‘q, albatta. Boltiqbo‘yi va ikkita Kavkazorti respublikalarida - xafa qilmaslik uchun ular nomini aytmayman - korrupsiyaning ta'siri juda katta edi. Lekin nima uchun ularga hech kim tegmagan? Keyinchalik bu respublikalarning rahbarlari qayta qurishda katta rol o‘ynadi. Nima uchun prokuratura brigadasini korrupsiyaga butunlay botib ketgan Stavropol o‘lkasiga tashlashmadi?» - deya savol bilan chiqqan Kolpakidi. 

Tarixchining so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kampaniya bahonasi bilan O‘zbekistonga berilgan zarba tashabbusi Andropovdan chiqqan, u o‘z dunyoqarashi bo‘yicha g‘arbga yaqin va bozor munosabatlari pozitsiyasiga ega bo‘lgan.

«O‘zbek ishini kim boshlagan? Gdlyan va Ivanovni hamma biladi. O‘zbekiston KGB raisi Levon Melkumovni deyarli hech kim bilmaydi. Bularning barini Andropov, Melkumov, Gdlyan, Ivanovlar qilishdi. U yerda boshiga ikki marta o‘q uzib, o‘z joniga qasd qilganlar bo‘lgan. Va bu korrupsiyaga qarshi kurash, deb atalgan», - dedi olim tarixchi Fyodor Razzoqovning ushbu mavzuga bag‘ishlangan kitobi bo‘yicha.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sovet nomenklaturasining ustunlaridan biri - urush faxriysi, harbiy nishonlar kavaleri Sharof Rashidovni qulatishga sabab bo‘lgan o‘zbek ishi - respublikalarda juda salbiy qabul qilingan. Boshqa rahbarlar markazga ishonchini yo‘qotib, sovet davlatining siyosiy asoslarini zaiflashtirdilar.

Olim ishonch bildirishicha, Rashidov sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilishiga qarshi chiqqani va islom olami bilan munosabatlarni mustahkamlashni xohlagani paxta ishining yashirin sababiga aylangan.

«Rashidov har doim Afg‘onistonga qo‘shinlar kiritilishi xato bo‘lganini ko‘rsatib kelgan va urushni tugatishni talab qilgan. U musulmon respublika yetakchisi sifatida bundan manfaatdor bo‘lgani aniq. Bu mamlakatimizning musulmon dunyosi bilan munosabatlariga juda kuchli geosiyosiy zarba bo‘ldi», - dedi Aleksandr Kolpakidi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat Rashidovning shaxsiga, balki sovet ittifoqidagi asosiy islom omili sanalgan butun O‘zbekistonga qarshi kampaniya bo‘lgan.

«Toshkent o‘zining mashhur kinofestivali bilan Osiyo poytaxti edi. Endi Osiyo poytaxti Shanxay, o‘sha vaqtda Toshkent edi. Faqat Osiyo emas, balki arab davlatlarining ham. U yerga kelishgan, bu shahar mamlakatning oziq-ovqat «eshigi» edi. Va aynan shu respublikaga shunday zarba berildi», - deya xulosa qilgan tadqiqotchi.

Mavzuga oid