Jahon | 15:15 / 22.05.2019
14128
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada tojikistonlik narkosavdogar bir umrga qamaldi

Foto: Rossiya IIV

Rossiyada ilk bor giyohvandlik moddalari savdosi uchun umrbod qamoq jazosi kuchga kirdi, deb ma'lum qildi Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volk.

Gap xalqaro jinoiy guruhning bo‘limlaridan biri boshlig‘i Sherali Tabarov haqida bormoqda. Ushbu guruh a'zolari Afg‘onistondan Tojikistonga, so‘ngra Markaziy Osiyo davlatlari orqali Rossiyaga geroin olib o‘tish bilan shug‘ullanishgan.

Tabarov 2017 yilda Moskva oblast sudi tomonidan bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Oliy sud ushbu hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi va hukm kuchga kirdi. Guruhning yana 14 nafar a'zosi olti yildan 23 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

Tabarov va uning sheriklari 20ta o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etgan. Ulardan 696 kilodan ortiq geroin musodara qilingan.

2003 yilda Tabarov Penza sudi tomonidan o‘n yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Keyinroq u Tojikiston so‘rovi bilan vataniga ekstraditsiya qilingan.

Ozodlikka chiqqanidan so‘ng u soxta pasport bilan Rossiyaga kelgan va Afg‘onistondan Tojikistonga geroin kontrabandasi olib o‘tuvchi jinoiy guruhning yetakchilaridan biriga aylangan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid