Jahon | 00:32 / 25.05.2019
8371
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yaqin Sharqqa 1500 harbiy jo‘natadi

Foto: U.S. Air Force

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Yaqin Sharqqa 1,5 mingga yaqin qo‘shimcha harbiy yuborishini e'lon qildi. Tramp bu haqda Yaponiyaga safari boshlanishi oldidan ma'lum qildi. 

AQSh prezidentining aytishicha, bu qadam mintaqada joylashgan amerikalik harbiylarni himoyalashga qaratilgan.

Trampning ta'kidlashicha, uning prezidentligi boshidan beri Eron o‘zgargan. 

Pentagon rahbari yordamchisi Keti Uilbargerning jurnalistlarga xabar berishicha, “Eron xavfi”dan himoyalanish uchun yuborilayotgan qo‘shimcha kuchlar Suriya yoki Iroqda joylashtirilmaydi. Biroq Uilbarger harbiylar aynan qayerda joylashtirilishini oshkor qilmagan va AQShda ushbu mintaqada qo‘shin joylashtirish uchun bir nechta punkt borligini eslatib o‘tgan.

Avvalroq Tramp Eron atrofidagi vaziyat sababli Yaqin Sharqqa qo‘shimcha qo‘shin yubormasligini, biroq zarurat bo‘lsa bunday buyruqni berishga tayyorligini aytgan.

Eron atrofidagi vaziyat Vashington Islom inqilobi soqchilari korpusini terrorchilik tashkiloti deb e'lon qilgandan keyin keskinlashdi. Tehron bunga javoban AQSh qurolli kuchlarining Yaqin Sharqdagi markaziy qo‘mondonligini terrorchilik tashkiloti deb e'lon qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid