Sport | 18:00 / 30.05.2019
7907
2 daqiqa o‘qiladi

«Inter» Spallettini iste'foga chiqardi. Yangi murabbiy nomi ham ma'lum

Milanning «Inter» klubi jamoa bosh murabbiyi Luchano Spallettini iste'foga chiqardi. Bu haqda klub rasman e'lon qildi: «Luchano Spalletti ortiq «Inter» bosh murabbiyi emasligini rasman e'lon qilamiz. Klub Spalettiga qilgan ishlari uchun rahmat aytib, keyingi faoliyatiga omad tilaydi»,- deyiladi bayonotda.

Spalletti 2017 yildan buyon «Inter»da ishlab kelayotgandi. Uning qo‘l ostida jamoa o‘tgan mavsum 8 yillik tanaffusdan so‘ng Chempionlar Ligasiga chiqqan va joriy mavsum yakunida ham «Inter» Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga qiritgandi.

Spalletti o‘tgan mavsum yakunida «Inter» bilan shartnomasini 2021 yilgacha uzaytirgandi, shu bois Milan superklubi murabbiyga mo‘maygina kompensatsiya to‘lashi kutilmoqda. Bu summa 25 million yevroga yetishi ham mumkin.

Gazzetta dello Sport nashri ma'lumotiga ko‘ra, Antonio Konte «Inter» bosh murabbiyi etib tayinlanadi. Italiyalik mutaxassis kecha, 29 may kuni «neradzurri» rasmiylari bilan uchrashib, hamkorlik shartlari bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishgan.

Shartnoma 3 yil muddatga mo‘ljallab imzolangan. Unga asosan Konte Milanda bonuslarni hisobga olmaganda yiliga 9 mln yevro maosh oladi.

Eslatib o‘tamiz, «Inter» ortda qolgan mavsumda A Seriyada to‘rtinchi o‘rinni oldi, Italiya kubogini chorak finaldan tark etdi. Jamoa Chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmagach, Yevropa ligasi nimchorak finalida kurashni to‘xtatdi.

Mavzuga oid