O‘zbekiston | 15:39 / 31.05.2019
67289
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva: «Majburiy maktab formasi talab qilinishiga hali erta»

Foto: Facebook/Saida Mirziyoyeva

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Facebook’dagi sahifasida yagona maktab formasi bo‘yicha post qoldirdi.

«Kecha Prezidentimizning Beshta tashabbusini hayotga samarali tatbiq etish masalasini xorijiy ekspertlar bilan muhokama qildik. Loyihaning strategik yo‘nalishlari, chet el tajribasi va undan foydalanish bo‘yicha fikr almashdik.

Foto: Facebook/Saida Mirziyoyeva

Yodingizda bo‘lsa, Beshta tashabbusni, eng avvalo, maktablardan boshlash g‘oyasi ilgari surilgan edi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, ayrim joylarda sharoit og‘ir ekanligi, ko‘plab maktablar ta'mirtalab, o‘quv darsliklarining yetishmasligi, kitoblar sifati juda past ekanligi, ayrim maktablarda darslar uch smenada o‘tilishini ko‘rdik.

Bu yildan boshlab majburiy yagona maktab formasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Lekin mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, majburiy forma talab qilinishiga hali erta deb o‘ylaymiz.

Qisqasini aytganda - oldin sharoit, keyin talab.

Albatta, bu oson ish emas. Izdan chiqqan ta'lim tizimini tuzatish juda katta mablag‘, bir necha yil vaqt va ilmiy yondashuvni talab qiladi. Bu yo‘lda xatolar ham bo‘lishi mumkin, chunki bu jarayon. Biroq hozir shu ishlarni boshlamasak, ertaga masala yanada murakkablashadi.

Xullas, bu yo‘lda barchamiz hamjihat bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Mutasaddi vazirlik va idoralar mutaxassislari tomonidan yuqoridagi masalalar yuzasidan Hukumatga tegishli takliflar kiritildi», - deb yozadi S.Mirziyoyeva.

Bundan oldin, kam ta'minlangan oila farzandlari uchun xarid qilinadigan qishki kiyim-bosh to‘plamlari o‘rniga maktab formasi berilishi taklif etilgandi.

Mavzuga oid