Jamiyat | 11:00 / 03.06.2019
42413
18 daqiqa o‘qiladi

Narx, monopoliya va rejalar. Artel bosh direktori bilan eksklyuziv suhbat

– Hamyurtlarimiz Artel nomini turlicha izohlashadi. O‘zi Artel atamasi nimani anglatadi? Dastlab shu haqda ma'lumot bersangiz.

– Albatta, ko‘pchilik o‘zimizdan ham so‘rashadi. Bizning guruhimizda yozilmagan bir qoida bor va barcha loyihalarimizda unga rioya kilishga intilamiz: «Bir ish qilsang – uni mahorat, ya'ni san'at darajasiga olib chiq». Shuning uchun Artel inglizcha Art (can'at) va electronics (elektronika) so‘zlari birikmasidan hosil bo‘lib, Artel, ya'ni elektronikadagi san'at ma'nosini anglatadi.

– Nega aynan elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqdasiz?

– Elektrotexnika sanoati umuman olganda, boshqa sanoat tarmoqlariga nisbatan yosh hisoblanadi va bugungi kunda oldida juda katta istiqbollar mavjud. Avvallari, kundalik hayotimizda ishlatiladigan maishiy texnika vositalarining deyarli barchasi chetdan kelar edi va mahalliy bozordagi talab import mahsulotlar hisobiga qondirilardi. Aholi sonining ortib borishi va maishiy texnikaga talabning ko‘payishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan taklifning yetarli darajada emasligi bizga ayni sohada ish boshlashga asosiy turtkilardan bo‘ldi.

Yoshi katta hamyurtlarimiz eslasa kerak: yaqin o‘tmishda sanoqli xonadonlarda televizor bo‘lgan. Televizori bor xonadon boshqalarga nisbatan to‘q, davlatmand hisoblangan. Aynan maishiy texnika vositalari ham aholi yashash turmush darajasi ko‘rsatkichini belgilovchi omillardan biri hisoblangan. Negaki texnika ishlarimizni yengillashtirib, qulaylik yaratadi. Hozirgi davrda har bir xonadonda ikkita va undan ortiq televizorlar bor.

Bugungi kunga kelib esa, respublikamizda maishiy texnikaning yigirmaga yaqin turi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilmoqda, bundan tashqari qo‘shni davlatlarga eksport ham qilinmoqda. Hali bu sohada foydalanilmagan imkoniyatlar ham ko‘p, shunga qaramay jahon bozorida juda katta raqobat bor. Bu esa hali o‘z ustimizda ko‘proq ishlashimiz kerak ekanini anglatadi.

– Korxonalaringizning ishlab chiqarish quvvati haqida ham so‘zlab bersangiz.

– Hozirgi kunda Artel savdo belgisi ostida, bir kunda o‘rtacha 15 000 dona turli xildagi mahsulot ishlab chiqariladi. Yillik mahsulot ishlab chiqarish quvvati 4,5 mln. dona mahsulotga tengdir. Masalan, birgina konditsionerlarning 42 xildagi modeli ishlab chiqariladi. Iste'molchilar talabidan kelib chiqib, sovutkichlarning 56 turdagi ko‘rinishi ham ishlab chiqariladi.

– Artel mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichlari va geografiyasi haqida ma'lumot bersangiz. Chunki bu o‘ylashimcha ko‘pchilikka qiziq.

Albatta, barchasi shaffof. Artel korxonalarining mahsulotlari 2018 yilda 45,0 mln. dollar miqdorida eksport qilindi. Ushbu ko‘rsatkichni 2019 yilda 65,0 mln. dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Eksport geografiyasi hozirga kunga kelib ancha kengaygan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Rossiya, Latviya, Armaniston, Gruziya, Afg‘oniston va yana bir qancha davlatlarga bizning mahsulotlarimiz kirib borayapti.

Oxirgi yillarda davlatimiz rahbariyati, xukumatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasida ishlab chiqaruvchilarga juda keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, chet el valutasi konvertatsiyasini erkin qilib qo‘yilishi va soliq sohasidagi oxirgi islohotlar bizga o‘xshagan mahsulot ishlab chiqaruvchilarni o‘z faoliyatini kengaytirishga va rivojlanishga katta turtki bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Xorijda raqobatga o‘zgacha, bozor to‘yingan, faqat sifatli va hamyonbop mahsulot istaydi. Bunday sharoitda ishlash qiyin bo‘lmayaptimi?

Eksportga mahsulot yetkazib berish bugungi kunda juda sermashaqqat va og‘ir faoliyat bo‘lib qolmoqda. Sababi chet davlatlarning bozorlariga kirib borish va o‘z mahsulotlarimizni chet ellik iste'molchilarga tanitish ancha vaqt va mehnat talab qiladi.

Odamlar orasida bitta yozilmagan qoida mavjud. Ya'ni, yirik brend kompaniyalarning nomi aytilsa, ushbu mahsulot ishlab chiqariladigan davlat ko‘z oldimizga keladi. Misol uchun, Sony deganda Yaponiya, Mercedes Benz deganda Germaniya, Samsung degan Janubiy Koreya va bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Men nima demoqchiman: kompaniyamizning asosiy maqsadlaridan biri bu, Artel deganda jahonning qaysi davlatida bo‘lmasin, O‘zbekistonni ko‘z oldida gavdalantirishga hissa qo‘shish.

Chet davlatlarning maishiy texnika bozorida, ustiga‑ustak dunyoning mashhur kompaniyalarning mahsulotlari bilan bir peshtaxtada turib, ular bilan narx borasida, sifat borasida, dizayn borasida raqobatlashib, xorijlik iste'molchilaring ishonchini qozonish juda mashaqqatli, shu bilan birga vaqt talab qiladigan jarayon.

Hozirgi vaqtda eksport davlatimiz va har bir korxona uchun tabiiy zarurat bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, mamlakatimizda eksportga juda katta e'tibor berilmoqda va mahsulot eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga katta imkoniyat, faoliyatlarini kengaytirishlariga sharoitlar yaratilib, imtiyozlar ham berilmoqda. Misol uchun, ishlab chiqargan mahsulotimizni chet elga eksportga yo‘naltiradigan bo‘lsak, QQSdan ozod qilinadi. Bu o‘z navbatida chet davlatlarda mahsulotlarimiz narxining biroz arzonlashishi va raqobatbardosh bo‘lishiga sharoit yaratib beradi. Mana shu nuqtaga e'tibor bering: xaridorlar o‘rtasida o‘zimizda ishlab chiqarilayotan mahsulotlar chet elda biroz narxi past, degan savollar ham tug‘iladi. So‘nggi natija barchaga qiziq. Xorijga mahsulot chiqaradigan bo‘lsak, davlatimizga valuta kirib keladi. Bu o‘z navbatida korxonaning ishlab chiqarish hajmlarini oshirish imkonini beradi. Ishlab chiqarish xajmlarining oshishi, har bir mahsulot tannarxida yotgan xarajatlarning kamayishiga (“effekt masshtaba” nazariyasi), bu o‘z navbatida, mahsulotlarimizning ichki bozorlarimizda ham arzon narxlarda sotilishiga olib keladi.

– Umuman, kechagi bozor bilan bugungi bozorni taqqoslash mumkinmi?

– Hozir chet el bozoriga kirish nihoyatda qiyin. Shu bois, ba'zi korxonalar ayni sohada “demping” siyosatini qo‘llamoqda. Bu nima degani? Bu – zarurat bo‘lsa mahsulotni zararga bo‘lsa-da sotishni anglatadi. Misol tariqasida, Xitoyning Midea kompaniyasi o‘z konditsionerlarini chet davlatlarda (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, O‘zbekiston va boshqalarda) Xitoydagi o‘sha mahsulotning narxiga nisbatan 5-10% arzon narxlarda sotishmoqda. Yoki bo‘lmasa, Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi muzlatkichlari ham xuddi shunaqa tartibda, Janubiy Koreyadan tashqari boshqa davlatlarga o‘sha davlatning bozori talabidan kelib chiqqan holda belgilangan narxlarda sotiladi. Bunaqa misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Yirik kompaniyalar o‘z mahsulotini chet ellarga kirishini va raqobatbardosh bo‘lishini ta'minlash maqsadida, ayrim vaqtlarda demping usulidan foydalanadi. Busiz eksportni amalga oshirish ilojsiz bo‘lib qolmoqda.

Bundan tashqari, 2011 yilda Artel kompaniyasi maishiy texnika vositalari ishlab chiqarishga endi qo‘l urganda, maishiy texnikalar, misol uchun, split tizimli konditsionerlarning 12 btu o‘lchamlisi, taqqoslashga oson bo‘lishi uchun, dollarda aytadigan bo‘lsak, 400-450 dollar atrofida va bozorda ushbu konditsionerlarning ko‘pi bilan 2-3 brendligi sotilardi, bugungi kunda bozorlarimizda bitta shu o‘lchamdagi konditsionerlarning 10 dan ortiq turdagi brendlari 230-250 dollar atrofida sotilmoqda. Bu nimadan dalolat beradi, bugungi kunda, respublikada maishiy texnika vositalari ishlab chiqaruvchilarning ko‘pligidan, undan tashqari tashqi ishlab chiqaruvchilar uchun ham bozorimiz ochiqligidan, raqobatning yuqoriligidan va asosiysi iste'molchi yutishiga olib keladigan sharoit yaratilgan.

– Savollarning asosiysiga va ko‘pchilikni qiziqtirganiga keldik. Bugungi kunda, ko‘pchilikda Artel monopol korxona, shuning hisobiga rivojlanmoqda, degan fikr mavjud. Shu haqida nima deysiz?

– Bu fikrga qo‘shilmayman. Nima uchun? Birinchidan: monopoliya – bu biror tashkilot yoki korxonaning bozorda mutlaq ustunligi va boshqalarning ishlab chiqarishiga to‘sqinlik qilish. Eng muhimi, iste'molchida tanlov imkoniyatining yo‘qligi. Lekin bugun O‘zbekiston maishiy texnika bozorida Arteldan tashqari yana 20dan ortiq maishiy texnika vositalari ishlab chiqaradigan kichik va yirik mahalliy ishlab chiqaruvchilar bor. Savdo markazlariga borib ko‘rishingiz mumkin va respublikamizda ishlab chiqarilgan qanchadan qancha elektr maishiy mahsulotlarini uchratasiz. Masalan bular: Vista, Roison, Itimat, Odul, Ideal, Rosso, Konig, Comfort, Sirius, Vitech, S-Smart va boshqalar. Ushbu korxonalar ham O‘zbekiston bozorida o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni iste'molchilarga yetkazib bermoqda va biz chet el korxonalari bilan birga ushbu korxonalar mahsulotlari bilan ham sog‘lom raqobatlashmoqdamiz.

Bundan tashqari, monopol bo‘lgan korxonalar iste'molchilar haqida qayg‘urmaydi va o‘z mahsulotining taqdiri haqida kam o‘ylaydi. Artel korxonalari mana shunday korxonalardan farqli ravishda, o‘z mahsulotlariga uch yil to‘liq kafolat beradi va bugungi kunda respublikaning barcha hududlarida 30 dan ortiq servis xizmati ko‘rsatish markazlari mavjud. Servis xizmati sohasida 450 nafar mutaxassis mehnat qilmoqda.

– Ishlab chiqarish ketma-ketligi nimalarga asoslangan? Savolni yanada soddaroq qo‘yadigan bo‘lsak, mahsulot butlovchi qismlarining necha foizi mahalliylashgan?

– Bugungi kunda, ko‘pchilikning tasavvurida Artel faqat maishiy texnika vositalarini yig‘ish bilan shug‘ullanadi”, degan tushuncha mavjud. Lekin korxonalarimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasi kamida 65 foizni tashkil qilmoqda. Misol uchun, sovutkichlarimizni olaylik, zarur bo‘lgan plastik va metall qismlari to‘liq o‘zimizning ishlab chiqarish korxonalarimizda ishlab chiqarilyapti. Plastik qismlar uchun granula shaklidagi xomashyodan, sovutkichning tashqi metall qoplamalari uchun list, o‘ram (rulon) shaklida keladigan metall xomashyosidan foydalaniladi. Faqatgina sovutkichlar ishlab chiqaruvchi zavodimizning o‘zida bugungi kunda 1500 nafardan ortiq xodim mehnat qilmoqda.

Bevosita ishlab chiqarish jarayonlariga to‘xtalsak, shuni aytib o‘tish joiz, deb bilaman. Ishlab chikarishda asosiy tamoyilimiz bu mahsulotning yuqori sifatini ta'minlash! Shu maqsadda barcha zavodlarimizda bir necha bosqichdan tashkil topgan sifat nazorat jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Busiz mahsulotlarimiz sotuvga qo‘yilmaydi.

Shu bilan birgalikda, korxonalarimizda o‘zimizning Artel savdo belgisi bilan yonma-yon, bitta uskunalarda xorijiy hamkorlarimizning Samsung va Shivaki savdo belgilari ostidagi maishiy texnika vositalari ham ishlab chiqarilmoqda. Bu holat korxonalarimizda tashkil qilingan ishlab chiqarish jarayonlari va bo‘limlari ushbu katta kompaniyalarning auditlari nazorati va texnik talablariga ham to‘liq javob berishidan dalolat beradi.

– Artel savdo belgisi ostida ishlab chiqaruvchi korxonalarga davlat tomonidan bojxona, soliq yoki boshqa biror imtiyoz berilganmi? Ya'ni, qo‘shimcha imtiyozlar egamisizlar?

– Qo‘shimcha... Qo‘shimcha imtiyozlarimiz yo‘q. Korxonalarimiz normativ huquqiy hujjatlarda barcha korxonalarga nima ko‘rsatilgan bo‘lsa, shundan foydalanadi, xolos. Misol uchun Artel savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi korxonalar 2018 yilgacha qonunchilikda va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida belgilab berilgan “Mahalliylashtirish dasturi” doirasida boshqa ishlab chiqaruvchilar qatori imtiyozlarga ega bo‘lgan.

Bu imtiyozlardan tegishli ravishda, agarda belgilangan shartlarni bajara olsa, mahalliylashtirish darajasini oshirsa, ushbu imtiyozlardan respublikaning barcha ishlab chiqaruvchilari foydalana olishi mumkin bo‘lgan va foydalangan ham.

Lekin bugungi kunda, Artel savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi korxonalarning o‘ziga alohida turdagi, imtiyozli shartlarda, alohida maqomdagi imtiyozlar berilmagan va hamma ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar asosida ishlab kelmoqdamiz.

Shu bilan birgalikda, ta'kidlab o‘tmoqchi edimki, Artel korxonalari 2019 yilning birinchi choragida 171,0 mlrd. so‘mdan ortiq miqdorda soliq, bojxona va boshqa to‘lovlar amalga oshirgan.

Artel korxonasi texnika bozorida doimo erkin raqobat muhitini va taraflarning erkin rivojlanishni qo‘llab-quvvatlagan va shu asosda harakat qilgan.

– Kelgusida iste'molchilar Arteldan qanday yangilik kutishi mumkin? Yoki hozirgi ishlab chiqarish jarayonlarining o‘zi yetarlimi?

– Albatta, bizning hozirgi ko‘rsatkichlarimizda to‘xtab qolish niyatimiz yo‘q. Kelgusidagi rejalarimiz katta. Bu borada asosiy maqsadlarimizdan biri ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning turi va modellarini yangilash va kengaytirish hamda maishiy texnika vositalarini yanada chuqur mahalliylashtirish asosida, eksport ko‘rsatkichlarini oshirish.

Korxonamizning R&D markazi mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston iqlimiga, sharoitiga va boshqa ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda, ishlab chiqilgan sovutkichlarning yangi to‘rt xil rusumini joriy yilning 15 iyulida taqdim qilishni maqsad qilganmiz, shuningdek, konditsionerlarning ham yana yangi ikki xil turini iste'molchilarga taqdim qilishni rejalashtirganmiz.

Nafaqat mamlakatimiz ichki bozorida, balki qo‘shni respublikalarda ishlab chiqarishni tashkil etish orqali, jahon bozoriga kirib borish mo‘ljallangan. Bunga Qirg‘izistonda barpo etilgan yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish zavodini keltirsak bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, Tojikistonning Dushanbe shahrida Artel savdo belgisi ostida elektr suv isitkichlari va changyutkichlar ishlab chiqarish bo‘yicha zavod barpo etishni rejalashtirganmiz.

Bundan tashqari, shu paytgacha importdan olib kelingan maishiy texnikalarning elektr motorlari (dvigatel) ishlab chiqarish loyihasini Xorazm viloyatida amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz.

– Yana barchani qiziqtiradigan bir savol. Xodimlarni ishga qabul qilish qanday amalga oshiriladi?

– Artel yoshlar kompaniyasi, desak bo‘ladi. Chunki ishchi xodimlarning aksariyati yoshlar, endigina kollej yo litseyni bitirgan o‘g‘il-qizlar, ularning ko‘pchiligi uchun Artel ilk ish joyi hisoblanadi.

Xodimlarni ishga qabul qilish bir necha bosqichlarda amalga oshiriladi. Dastlab nomzodlar tanlab olinadi, shundan so‘ng maxsus test savollari beriladi. Test natijalaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar, suhbatga taklif qilinadi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar ishga qabul qilinadi.

Nomzodlarga beriladigan savollar va testlar mazmuni talabgorning qaysi bo‘limga va qanaqa ishga qabul qilinishiga qarab tayyorlanadi. Shuningdek, suhbatda asosan nomzodning umumiy xarakterlari, ishga qiziqishi, kompaniya to‘g‘risida fikri, kelajagi va boshqalar to‘g‘risida gaplashiladi.

Bulardan tashqari, korxonamiz Respublikamizdagi o‘ndan ortiq oliy ta'lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Bu hamkorliklar ta'lim muassasalarining talabalarini ishlab chiqarish zavodlarimizda, R&D markazimizda amaliyot o‘tashi, tajriba almashishi yoki ularning o‘quv binolarida yaxshi sharoitlar yaratish, zamonaviy o‘quv jihozlari yetkazib berish, o‘quv xonalarini ta'mirlash va boshqa homiylik ishlari ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Bugungi kunda, Artel savdo belgisi ostida faoliyat olib boruvchi korxonalarda jami 10 ming nafardan oshiq xodim mehnat qilmoqda. Undan tashqari, yordamchi korxonalarda (diler, savdo va boshqalar) yana 15 mingdan ortiq yurtdoshimiz mehnat qiladi.

Fursatdan foydalangan holda, shuni ta'kidlab o‘tmoqchi edimki, korxonamiz tashkil qilingandan shu kungacha bizni qo‘llab-quvvatlab turgan, bizga ishonch bildirgan har bir iste'molchiga, fuqarolarga, hamkorlarimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelajakda ham sizlarning yordamingizga va ishonchingizga muhtoj bo‘lib qolamiz. Ish bor joyda, kamchilik va xatolar ham bo‘lib turadi. Shu sababli, fuqarolarimiz, tadbirkorlar, biznes sohasi, ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan bildiriladigan takliflar, shikoyatlar, e'tirozlarni muhokama qilishga doim tayyormiz. Bu taklif va murojaatlar kompaniyamiz rivojlanishi va yanada o‘zimizning ustimizda ishlashga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Taklif, murojaat va boshqa masalalar bo‘yicha quyidagi manzillarga murojaat qilish mumkin:

Sayt: artelgroup.org

Elektron pochta: bakhodir.abdullaev@artelgroup.org

Telefon: +99878 1488888

Alisher Ro‘zioxunov suxbatlashdi.

Mavzuga oid