Jamiyat | 13:01 / 08.06.2019
52740
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda mudhish YTH: ikki kishi halok bo‘ldi

Foto: Videodan kadr

Kecha, 7 iyun kuni soat taxminan 22:10larda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Toshkent halqa avtomobil yo‘lida («CRAFERS» zavodi) yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. 

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, piyoda, 22 yoshli G.I. yo‘lni belgilanmagan joydan, piyodalar o‘tish yo‘lagidan 25 metr narida kesib o‘tayotgan bo‘lgan. «Lasetti» yengil avtomashinasi haydovchisi, 41 yoshli X.X. piyodani urib ketgan. Shundan so‘ng u boshqaruvni yo‘qotib, «Kobalt» (haydovchisi 49 yoshli Yu.A.) avtomobili bilan to‘qnashgan. «Lasetti» urib ketishi oqibatida piyoda 39 yoshli K.D. boshqaruvida bo‘lgan «Shacman» yuk mashinasi ostida qolgan.

Xabarda aytilishicha, YTH tufayli piyoda G.I. va «Lasetti» avtomobili yo‘lovchisi 38 yoshli O.M. voqea joyida halok bo‘lgan. «Kobalt» yo‘lovchisi, 23 yoshli Yu.A. tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketildi. «Lasetti» avtomobili haydovchisiga tibbiy yordam ambulator sharoitda ko‘rsatildi, shundan keyin u kasalxonadan chiqarildi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, YTHga piyoda yo‘lni belgilanmagan joydan, piyodalar o‘tish yo‘lagidan 25 metr naridan kesib o‘tayotgani sabab bo‘lgan, deyiladi IIBB xabarida.

Tergov davomida «Lasetti» haydovchisining aybdorlik darajasi o‘rnatiladi.

«Hurmatli haydovchilar va piyodalar! Yo‘l harakati qoidalariga rioya qiling! Yodingizda bo‘lsin: bitta noto‘g‘ri qadam sizning va yo‘l harakati boshqa qatnashchilarining umriga zomin bo‘lishi mumkin», - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid