O‘zbekiston | 18:40 / 13.06.2019
102303
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab formasi bekor qilindimi? 

Vazirlar Mahkamasining «Davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yili davomida davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida o‘quvchilar uchun zamonaviy yagona maktab formasini majburiy joriy etish masalasi belgilangandi.

Kun.uz manbasi ma'lum qilishicha, mazkur qaror ijro etish muddati ortga suriladi, ya'ni maktablarda majburiy forma joriy yilda tatbiq etilmaydi.

Ta'kidlanishicha, tegishli qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Qaror loyihasida majburiy maktab formasini tatbiq etish muddati kechiktirilishi bayon qilingan.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Facebook’dagi sahifasida yagona maktab formasi bo‘yicha fikri bildirgandi.

«Bu yildan boshlab majburiy yagona maktab formasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Lekin mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, majburiy forma talab qilinishiga hali erta deb o‘ylaymiz», — deb yozgandi u.

Xalq ta'limi vazirligi esa kam ta'minlangan oila farzandlari uchun xarid qilinadigan qishki kiyim-bosh to‘plamlari o‘rniga maktab formasi berishni taklif etgandi.

Avvalroq, o‘quvchilar ta'lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozimligini eslatib Adliya vazirligi barchaga eslatma qilgandi.

Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qaror ida o‘quvchilarning ta'lim muassasasi binosida aynan bosh kiyimsiz yurishi shartligi keng jamoatchilik muhokamasiga ham sabab bo‘lgan. Ushbu masala erkin fuqaroning vijdon va diniy erkinliklariga xilof ravishda ma'qullangani e'tiroz bilan bildirilgandi.

Mavzuga oid