Jahon | 09:00 / 14.06.2019
4575
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy matbuot kotibi iyun oxirida o‘z lavozimini tark etadi

Foto: AP Photo / Pablo Martinez Monsivais

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders iyun oxirida o‘z lavozimini tark etishini ma'lum qildi va uning Arkanzas gubernatori lavozimiga nomzodini qo‘yishiga umid bildirdi.

“3,5 yildan keyin bizning ajoyib Sara Xakabi Sanders shu oy oxirida Oq uyni tark etib, ajoyib shtat – Arkanzasga yo‘l oladi. U aqlbovar qilmas ishni amalga oshirgan ajoyib iste'dodlarga ega benazir insondir. Umid qilamanki, u Arkanzas gubernatori lavozimiga nomzodini qo‘yishga qaror qiladi – u fantastik gubernator bo‘lardi. Sara, qilingan ish uchun rahmat!”, deb yozgan Tramp tvitterda.

O‘z navbatida Sanders qilgan ishidan faxrlanishini aytgan.

“Men qilgan ishimdan faxrlanaman va bu ish men har doim faxrlanib yuradigan eng yaxshi ishdir. Biroq men onaman, ikki nafar ajoyib farzandim bor va men ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni istardim”, deb aytgan Oq uy matbuot kotibi va “prezidentni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashda” davom etishini qo‘shimcha qilgan. 

Sanders ushbu lavozimga 2017 yil 26 iyulda tayinlangan. U bu lavozimda Shon Spayser o‘rnini egallagan. Sanders Tramp 2017 yil yanvarda o‘z ishini boshlagandan keyin uning ma'muriyatini tark etgan bir necha o‘n amaldorlar safidan o‘rin oladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid