Jamiyat | 08:20 / 16.06.2019
34752
8 daqiqa o‘qiladi

«Uy talabga javob bermaydi» - Samarqandliklar «arzon» uylar qimmatlab ketganidan norozi bo‘lmoqda

Samarqand shahridagi Qorasuv maskani «Obod maskan» mahallasidagi bir guruh fuqarolar o‘zlari yashayotgan uylarning kutilmaganda qimmatlashgani va sifati yuzasidan Kun.uz tahririyatiga murojaat qilishdi.

«Xabaringiz bor, 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorlari asosida «Obod maskan» mahallasida 32ta 7 qavatli arzonlashtirilgan uylar qurilgandi. 2017 yil ko‘rsatilgan va e'lon qilingan narx bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgandik. Boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirayotganda Samarqand shahar hokimligi va «Ipoteka bank» Samarqand viloyat filiali tomonidan uylarning bir kvadrat metri uchun 2 850 000 so‘m ekani to‘g‘risida e'lon chiqarilgandi. Uylar belgilanganidek 2018 yil emas, 2019 yil qurib bitkazildi. Ko‘pchilik joriy yil bahorida ko‘chib kirdi. Hammada endi uyimiz bor degan xursandchilik edi. Ammo so‘nggi kunlarda bizga noma'lum sabablar bilan uylar narxi keskin oshib ketdi. Bir kvadrat metr uchun 3 450 000 so‘mgacha narx qo‘yilmoqda. Bank xizmati bilan bundan ham ko‘proq. Biz uy uchun boshlang‘ich to‘lovni ikki yil oldin to‘lab qo‘yganmiz. Narx oshishi sababi, ogohlantirilmagani, tushuntirish ishlari olib borilmagani, bizni shunga loyiq ko‘rishmagani yana ham achinarli», deyiladi murojaatda. 

Murojaatni o‘rganish uchun borganimizda 40 nafardan ziyod kishi to‘plangan edi.

Suhbat davomida ma'lum bo‘ldiki boshlang‘ich to‘lov vaqtida uyning ko‘rsatilgan maydoni ham bugun o‘zgarib qolgan. Aytaylik, hokimlik e'lonida ikki xonali uylar 60 va 70,4 kvadrat metr deb ko‘rsatilgan. Bugun esa hammada har xil kvadrat metrli uy, kimdadir 60, kimdadir 63... Aytaylik, 70 kvadrat metrli uy uchun boshlang‘ich badal to‘lagan fuqaro bugun 64-65 kvadrat metrli uyga ega. Yoki 60 kvadrat metrli uy uchun boshlang‘ich to‘lov amalga oshirgan M.O‘tayevaning uyi ko‘chib kirganda 54 kvadrat bo‘lib chiqmoqda. Uy narxi esa shunga mos ravishda arzon emas, aksincha.

Shu tarzda endi uy egalarining oyiga 1,5 million so‘mdan, imtiyozli davr tugagach, oyiga 4,5 million so‘mdan to‘lov qilib borishlari kerak.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

«Masalan, men yolg‘iz onaman, boquvchim yo‘q, ikki farzandim bor, bittasini bog‘chaga berishdan o‘zga ilojim yo‘q. 1 500 000 so‘m uy uchun oylik to‘lov, bolalar bog‘chasi uchun 800 000 to‘lov, yashash ham kerak. O‘zi O‘zbekistonda buncha xarajatlarni ko‘tara oladigan oylik maosh bormi? Nimani o‘ylab arzonlashtirilgan uylar narxini ko‘tarishyapti», deydi «Obod maskan»da yashovchilardan biri.

Aholi norozi bo‘layotgan jihatlardan biri, bugun xususiy tadbirkorlar uy qurish uchun yerni sotib oladi, u yerda joylashgan hovlilarni ham sotib olib, xonadonlarni ko‘chiradi. Xaridor e'tiroz bildirmasligi uchun uy sifatiga ham javob beradi. Bu yerda esa, yer to‘liq davlat tomonidan berilgan. Quruvchi snos uchun boshqa quruvchilar qatori katta mablag‘ sarflamagan. Yana qator imtiyozlar bo‘lgani holda ham aytilganidan tor, ham ayrim xonadonlarda sifatsiz ham deyarli bozor narxi bilan teng «arzon» uy taklif qilmoqda. Shu masala barchani qiynamoqda», – deydi Sh.Boltayeva.

Aholi vakillarining aytishicha, asosan uyga ehtiyojmand oilalar istiqomat qiluvchi bu mahallada dastlab davlatga qarashli bolalar bog‘chasi ish boshlagan, fuqarolar farzandlarini bera boshlagan. Ammo bir-ikki hafta o‘tib bu xususiy bog‘cha va uning narxi bir million so‘mligi ma'lum bo‘lgan. Tabiiyki, shusiz ham oyiga 1 500 000 so‘m uy uchun to‘lov qiladigan oilalar buncha pulga farzandini bog‘chaga bera olmaydi.

O‘ta qimmat xususiy bog‘chaning aynan mana shu hududda qurilishi kimning tashabbusi bilan amalga oshgani noma'lum. Bugungi holat shuki, aksariyat oilalar yoki farzandini qarovsiz qoldirib ishga ketadi yoki er-xotindan biri ishidan voz kechadi. Har holda oladigan oyligi ikki farzandning bog‘cha puliga yetadi yoki yo‘q. Bugun bolalar bog‘chasining bir oylik narxi bir bola uchun 800 000 so‘mga tushirilgan. Ammo oilalarning bunga ham qurbi yetmayapti.

12 iyun kuni aholining qurilish korxonasi vakillari bilan uchrashuvi og‘zaki aytishuvga aylanib ketgach, aholi bilan viloyat, shahar hokimligi, qurilish korxonasi, mana shu qurilishlarning buyurtmachisi bo‘lgan Samarqand viloyat «Shahar qurilish invest» va bank vakillari ishtirokida masalaga oydinlik kiritish rejalashtirilgandi. Ammo belgilangan vaqtda barcha aholi to‘plangani holda biror bir mas'ul tashkilot vakili kelmadi. Savollar esa ochiq qolmoqda.

Gapning indallosi shuki «Obod maskan» mahallasi ahli ikki narsadan qat'iyan norozi: uy narxi oshib ketgani va uylar sifatsiz qurilgani.

 

Bundan ikki oy oldin ham shu maskandagi 21-uyda yashovchilar tahririyatimizga murojaat qilganida borib, mazkur uy poydevori yorilib ketganiga guvoh bo‘lgandik. Ahvol shu darajada ediki, yoriqdan poydevorning narigi tomoni ko‘rinardi. Andisha qilibmi, fuqarolar o‘shanda holatni yoritmay turishimizni iltimos qilishgandi. Ammo vaqt o‘tib uy qurilishidagi kamchiliklar yuzaga chiqavergani bugun ko‘pchilikni norozi qilmoqda. Endilikda uylardagi muhandis-kommunikatsiya tarmoqlari, eshik va derazalar, devorlardagi kamchiliklar, uy yon-atrofining cho‘kishi ham ko‘pchilikni xavotirga solgan.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi va yuzaga kelgan muammo yuzasidan tegishli idoralardan izoh kutib qoladi.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

PS: Joriy yilning 9 iyun kuni saytimiz orqali Samarqandning boshqa bir hududida ham xuddi shunga o‘xshash - «Samarqanddagi «Yoshlar uyi» narxi nega qimmat bo‘lib ketdi — Uy egalari boshqalar uchun ham to‘laydimi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Afsuski, bu yuzasidan hech qanday munosabat bildirilmadi. Aftidan, tegishli idoralar aholining haqli e'tirozlarini sukut saqlab «yengib o‘tmoqchi» shekilli.

Mavzuga oid