O‘zbekiston | 23:51 / 19.06.2019
40839
4 daqiqa o‘qiladi

Maktabdagi qabulni pulli qilish Konstitutsiyaga zidmi?

Bugun, 19 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir davomida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-qarorida Toshkentdagi 81ta maktabda 1-sinfga qabul uchun tajriba sifatida pulli qabulni ko‘zda tutuvchi yangi tizim joriy qilingani muhokama qilindi.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, poytaxtning 81ta maktabida joriy etilayotgan yangi tartib O‘zbekiston Konstitutsiyasiga zid emas. 

«Har kim maktabda bepul ta'lim olish huquqiga ega. Hech kim, jumladan Toshkent shahrida ham bolalar ta'limdan mosuvo qilinmaydi. Lekin Konstitutsiyada ota-ona istalgan maktabga farzandini berishi qayd etilmagan, balki maktab ishlari davlat nazoratida ekani belgilangan», — deydi u. 

Vazirga ko‘ra, har qanday demokratik davlatda kimsaning huquqi boshqa kishining erkinliklarini poymol etishni boshlasa, cheklanishi lozim.

Ta'kidlanishicha, Toshkentdagi 26 foiz maktabda shahardagi jami o‘quvchilarning 43 foizi tahsil oladi. Mikrohudud kesimida yaqin-atrofdagi maktabga borish imkoniyati yo‘qolgan bolalarning huquqlari aynan shu masala yuzasidan poymol etilishi aytildi. 

Shunga ko‘ra, Toshkentdagi 309ta maktabdan 81tasida 1-sinfga qabul uchun tajriba sifatida yangi tizim joriy qilinmoqda.
Yangi tizimga muvofiq, bolalar yon-atrofdagi eng yaqin maktabga qabul qilinishda ustuvorlikka ega bo‘ladi. Boshqa hududda doimiy yashovchi ota-onalar farzandini yashash joyidan uzoqda joylashgan maktabga borishini istasa, bo‘sh o‘rin paydo bo‘lishini kutishi lozim. 

Vazirlar Mahkamasi qarorida esa boshqa mikrohududdan o‘qishga qabul qilinadigan bolalarning ota-onasi belgilangan summani to‘lasagina farzandini istagan maktabga joylashtirish imkoniyati paydo bo‘lishi bayon qilingandi. Vazir bu tadbir bilan korrupsiogen omillarni qirqilishini aytdi. 

«Bu ro‘yxat qanaqa tuzilgan? Bu ro‘yxat qaysi maktablarga kim ko‘p qo‘ng‘iroq qiladi, shu tomondan kelib chiqib tuzilgan. Hech kim borib uni ushlamagan, boshqa qilmagan... Mendan tortib, maktab direktorigacha istalgan darajadagi rahbarni olaylik. Qaysilariga ko‘p qo‘ng‘iroq bo‘ladi? Qo‘ng‘iroq orqali joylashtirishning statistikasini taxminan ko‘rsatdim, to‘g‘rimi? Ayrim maktablarda endi o‘qishga kirgan o‘quvchilarning 50-70 foizi qo‘ng‘iroq-iltimos orqasidan kirgan. Bu qo‘ng‘iroq degani hammasi korrupsiya degani emas. Qo‘ng‘iroq degani, qaysidir bitta boshqa organ bor, tekshiruvchi bor, boshqa bor va hokazo. Iltimos qiladigan oddiy organ bor. Shular orqali kirgan. Endi u degani hammasi korrupsioner degani emas», — deydi u. 

Shunga qaramay, belgilangan summa 2019/20 o‘quv yilida 1-sinf uchun qabul payti joriy etilmasligi bildirildi. 

«Bizning vazirlikka bu tizimga o‘zgartirishlar kiritish, ro‘yxatga yangi maktablarni qo‘shish yoki kamaytirish bo‘yicha, umuman bu tizimni o‘zgartirish uchun vakolatlar berilgan. Shuning uchun, vazirlik sifatida biz yana o‘zgarishlar qilishimiz va kerakli mexanizmlarni joriy qilishimiz mumkin », — deydi Sherzod Shermatov.

Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan, ammo oilasi bilan Toshkent shahrida yashayotgan bolalar esa ro‘yxat bo‘yicha 228ta (qolgan 74 foiz) maktabda tahsil olish imkoniyatiga ega.

 

Mavzuga oid