O‘zbekiston | 09:01 / 02.07.2019
27264
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada qiyin ahvolda qolgan 719 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

2019 yilning I yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Rossiya Federatsiyasining Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlarida bo‘lgan, hujjat va mablag‘larsiz qiyin ahvolda qolgan jami 719 nafar fuqaroni O‘zbekistonga qaytardi.

Fuqarolarni ortga qaytarish bilan bog‘liq barcha xarajatlar vazirlik huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan qoplandi.

Qaytarilgan fuqarolar bepul maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mas'ul mutaxassislari tomonidan ishga joylashish, kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish masalalari bo‘yicha tashkillashtirilgan muloqotlarida ishtirok etdi.

Shuningdek, xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimiz vaziyati hisobga olinib, ularga yashash joylariga yetib olishlari uchun EKOIHning 1 baravari miqdorida pul mablag‘lari berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda 2018 yil sentyabrdagi Hukumatlararo komissiyaning 19-kengashida O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq, xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarni O‘zbekistonga qaytarish chora-tadbirlari boshlangandan buyon, ya'ni 2018 yilning oktyabridan 2019 yilning iyun oyiga qadar jami 920 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid